"Askiya" bozori uchun tenderda Xitoy kompaniyasi g‘olib chiqdi
Kim oshdi savdosi 15 daqiqa davom etdi va yagona taklif bilan chiqqan Sheng-Ke International kompaniyasi g‘olib bo‘ldi.
Toshkent shahrida “Askiya” bozori hududida avtoturargohga ega zamonaviy “Ekobozor” savdo va xizmat ko‘rsatish majmuasini qurish bo‘yicha investisiya loyihasi bo‘yicha tender savdolari yakunlandi. Bu haqda E-auksion platformasida ma’lumot keltirilgan.
Kim oshdi savdosi 15 daqiqa davom etdi va birgina taklifdan keyin yakunlandi. Uni Sheng-Ke International kompaniyasi amalga oshirdi, u 225 milliard 595 million so‘m – boshlang‘ich bahodan 5 foizga ko‘proq taklif bilan g‘olibga aylandi.
YAIDXP ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya 2024 yil may oyida ro‘yxatdan o‘tgan, ustav kapitali 68 milliard so‘mni tashkil qiladi. U maxsus qurilish ishlari bilan shug‘ullanadi.
Kompaniya asoschisi TOO Sheng-Ke International, rahbari Chen Mayquan.
Eslatib o‘tamiz, investorga quyidagi talablar qo‘yilgan:
• maydoni kamida 3000 kv.m bo‘lgan ekobozor qurish;
• maydoni kamida 1200 kv.m bo‘lgan sovutgichli ombor qurish;
• yer osti avtoturargohining birinchi qavatini (kamida 400 o‘rinli) kompaniya mulkiga bepul o‘tkazish.
Ushbu loyihada yirik savdo majmuasi bo‘lib, uning hududida velosipedlar uchun to‘xtash joyi va zamonaviy o‘rindiqlar, Wi-Fi zonalari, aholi dam olish joylari, nogironlar uchun eskalator va panduslar, yashil hududlar, 24 soat tozalik tashkil etiladi. Yangi bozor yonida 4 yulduzli mehmonxona ham quriladi.
Loyiha doirasida 150 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar jalb etilishi, mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.