O‘zbekistonda kelasi o‘quv yilida 100 tadan ortiq maktab ochiladi
Endi toifasini oshirgan pedagoglar rag‘batlantiriladi, ularga to‘plagan baliga qarab 70 foizgacha ustama beriladi. Bu haqda davlat rahbari ishtirokida o‘tgan maktabgacha va maktab ta’limi tizimida 2025 yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan axborotda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda bolalar bog‘chalari soni 8 barobar oshib, 38 mingtaga, qamrov esa 27 foizdan 76 foizga yetdi.
“Oxirgi yetti yilda 5 mingdan ziyod maktabda, bu yil 608 ta maktabda qurilish va ta’mirlash ishlari bajarildi. Yoshlarga ikkinchi xorijiy til va kasb o‘rgatish kengaytirildi. Ilk bor 530 ta maktabda inklyuziv ta’lim yo‘lga qo‘yildi”, — deyiladi xabarda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri navbatdagi rejalar yuzasidan axborot berdi.
“Kelgusi o‘quv yilida 100 dan ziyod maktablar tashkil etilib, 257 ming o‘quvchi o‘rni ochiladi. Davlat ta’lim dasturi xalqaro standartlar talablariga muvofiqlashtiriladi. Ikkinchi xorijiy til o‘qitiladigan maktablar 420 taga, kasb-hunar o‘rgatiladiganlari 400 taga yetkaziladi. Bu yil 1 ming 500 ta umumta’lim maktabida yangi baholash tizimi joriy qilindi. Natijalar tahlilidan kelib chiqib, bu tajriba yana kengaytiriladi”, — deya qayd etilgan xabarda.
O‘qituvchilarga malaka toifasini berishda ham raqamlashtirilgan tizimga o‘tilgan. Endi toifasini oshirgan pedagoglar rag‘batlantiriladi, ularga to‘plagan baliga qarab 70 foizgacha ustama beriladi.