O‘zbekistonda futzal federasiyasi rasman faoliyatini boshlaydi
2017 yildan e’tiboran Liga futzal bo‘yicha Oliy liga, Birinchi liga U18 chempionati, O‘zbekiston kubogi va Superkubogi musobaqalarini o‘tkazib keldi.
Boisi, aynan 2017 yilda O‘zbekiston futzal assosiasiyasi tugatilib, mazkur sport turi bo‘yicha javobgarlikni O‘zbekiston futbol assosiasiyasi o‘z zimmasiga oldi, barcha ichki musobaqalarni o‘tkazish esa Liga chekiga tushdi.
2020 yildan keyin Liga futzal musobaqalarini isloh qilishga o‘tdi. Birinchi navbatda uning geografiyasi kengaytirildi. Oliy liga o‘yinlariga nafaqat Toshkent, balki Andijon, Farg‘ona, Olmaliq, Jizzax, Qarshi, Buxoro, Xorazm shaharlari mezbonlik qila boshladi. Shuningdek, Oliy liga "Sport-TV" hamda Liganing "YouTube" sahifalari orqali translyasiya qilina boshladi.
Bugun — 25 dekabr kuni O‘zbekiston futzal federasiyasi alohida tuzilma sifatida faoliyat boshlashi e’lon qilinadi. Bu qadam futzalni yangi bosqichga olib chiqish, terma jamoalar, klublar, ichki musobaqalar va futzalning boshqa sub’ektlarini bitta bayroq ostida birlashtirishda muhim sanaladi. Liga O‘zbekiston futbol assosiasiyasining mazkur qarorini qo‘llab-quvvatlaydi va ishonadiki, yangi yildan e’tiboran O‘zbekiston futzali yangi davrga qadam qo‘yadi.
O‘zbekiston futzal federasiyasini tashkil etish, uning rahbarlarini keng jamoatchilikka tanishtirish marosimi bugun Hilton mehmonxonasida bo‘lib o‘tadi.