Asaka tuman prokurori o‘rinbosari 8,5 yilga qamaldi
Asaka tuman prokurori o‘rinbosari 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda “Kun.uz” xabar bermoqda.
2024 yilning fevralida Asaka tumani ichki ishlar bo‘limi tergov bo‘linmasi sobiq xodimi Asaka tumani prokurori o‘rinbosari orqali mazkur tuman prokuraturasi ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishi doirasida qurilish firmasi rahbariga nisbatan qo‘llangan qamoq ehtiyot chorasini o‘zgartirib, tergov harakatlari davomida aniqlangan zarar summasini qayta nazorat-o‘lchov tadbirlari o‘tkazish orqali kamaytirib berish evaziga ayblanuvchining yaqinlaridan 15 ming dollar olayotgan vaqtida qo‘lga tushgandi.
Olib borilgan tergov harakatlari davomida tuman prokurori o‘rinbosari ham ushbu jinoyat ishiga ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, qamoqqa olingan.
Mazkur ish yuzasidan sud hukmiga ko‘ra, sobiq IIB xodimi H.A. Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi (pora berish) 3-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, 6 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Ish doirasida sudlangan sobiq Asaka tuman prokurori o‘rinbosari S.H. ham Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilgan. U 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Sud hukmidan ko‘rinishicha, S.H. aybiga iqror bo‘lmagan va butunlay aybsiz ekanini aytgan. “Kun.uz”ga murojaat qilgan S.H.ning yaqinlari ishni tergov qilgan Andijon viloyat prokuraturasi uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi alohida muhim ishlar bo‘yicha katta tergovchisi N.O. dalillarni qalbakilashtirganini aytmoqda.
Jumladan, tezkor tadbirdan yozib olingan so‘zlashuvlar audiosining stenogrammasida Asaka tuman prokurori o‘rinbosarining tilidan chiqmagan so‘zlarni kiritib, uni ayblash uchun dalil sifatida foydalangan, deyiladi murojaatda.
Hozirda S.H. tomonidan apellyasiya tartibida shikoyat kiritilgan.