AQShda sovuqdan vafot etgan bolaning oilasi sudga 100 mln dollarlik da’vo kiritdi

AQShda sovuqdan vafot etgan bolaning oilasi sudga 100 mln dollarlik da’vo kiritdi

AQShning Texas shtatida, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, sovuqdan vafot etgan bolaning oilasi sudga ERCOT Texas energetika kompaniyalari guruhi (Electric Reliability Council of Texas) va Entergy Corporation kompaniyasiga qarshi 100 million dollarlik da’vo kiritdi. Bu haqda oilaning advokati Toni Buzbining ma’lumotiga asoslanib, «RBK» xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, 11 yoshli bola 16 fevral kuni elektr energiyasi uzilishi sababli issiqlik va yorug‘liksiz qolgan treylerda tunaganidan keyin vafot etgan. U uch yoshli ukasi bilan isinishga urinib, ko‘rpa-to‘shakka o‘ranib yotgan. Marhumning oilasi bolaning sovqotishdan vafot etganiga ishonmoqda.

Bolaning onasi Jefferson okrug sudiga murojaat qildi. Hujjatda energetika kompaniyalari «daromadni inson farovonligidan ustun qo‘yishi» ta’kidlanadi.

«Ob-havoning dahshatli prognozi va tizim tayyor emasligini bilganiga qaramay, ERCOT va Entergy Corporation inqirozga qarshi uchun hech qanday ehtiyot choralarni ko‘rmadi», — deyiladi da’voda.

21 fevral holatiga ko‘ra, noodatiy sovuq ob-havo tufayli Texasda 30 dan ortiq odam vafot etdi. Ular orasida ko‘pchilik elektr uzilgan paytda isinish uchun mashina yoki generatorlardan foydalangani sababli is gazidan zaharlanib vafot etgan, deyiladi xabarda.

Buzbining aytishicha, hozirda advokat og‘ir ob-havo sharoitida yaqinlarini yo‘qotgan yettita oilaga vakillik qilmoqda va energetika kompaniyalariga qarshi hali yanada ko‘proq da’volar beriladi.

«Kristian (vafot etgan 11 yoshli bola)ning da’vosi birinchi bo‘ldi va bu faqat boshlanishi, xolos. Uning da’vosi Texasni o‘zgartiradi. Bolani xudo yarlaqasin», — deya so‘zlarini yakunladi advokat.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!