AQSh Zelenskiyga hali o‘rganib chiqilmagan foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuvni imzolatishni rejalashtirgan edi

Bu haqda Reuters nashri o‘z manbalariga tayanib xabar bermoqda.
Agentlikning yozishicha, Myunxendagi ikki partiyali amerikalik senatorlar guruhi bilan uchrashuv chog‘ida Zelenskiy AQShning Ukraina foydali qazilmalari bo‘yicha investisiya taklifidan xavotirda bo‘lgan.
"Zelenskiy, o‘qib chiqishga ulgurmagan hujjatini imzolashni o‘zidan asossiz ravishda talab qilishmoqda deb hisoblagan", — deydi manbalardan biri anonimlik sharti bilan.
Zelenskiy bilan uchrashuvdan so‘ng, Demokrat senator Brayan Shatsga AQShning bu taklifini bir tomonlama deb hisoblaydimi, degan savol berilganida, u: “Menimcha, bu adolatli”, — deya javob bergan.
Zelenskiy, AQShning foydali qazilmalar bo‘yicha taklifi unga 12 fevral kuni yetkazilganini ma’lum qilgan edi. Bugun esa, Rasmiy Kiyev nafaqat kelishuv loyihasini o‘qib chiqqan, balki uni o‘z tuzatishlari bilan AQShga qaytarib ham bergani haqidagi xabarlar Ukraina OAV tomonidan tarqatildi.
Deputat Goncharenkoning aytishicha, Zelenskiy AQSh senatorlariga “foydali qazilmalari bo‘yicha” taklif etilgan kelishuvini o‘qib chiqqanini, biroq u yerda hech qanday kafolatlar topa olmaganini ma’lum qilgan.