AQSh va Avstraliya gipertovushli qurol ustida ish olib boryapti
Ilg‘or giper tovushli qurol yaratish ustida birgalikda ishlayotgan AQSh va Avstraliya bu sohada sezilarli yutuqlarga erishdi, dedi jurnalistlarga Pentagonning yuqori martabali rasmiysi.
– Jangchilarimiz uchun muhim ustunlikni ta’minlaydigan ilg‘or giper tovushli qurol ustida birga ishlayapmiz, – dedi harbiy amaldor. – AQSh va Avstraliya SCIFiRE loyihasi doirasida havodan uchiriladigan giper tovushli qurolni loyihalash va sinovdan o‘tkazishda allaqachon “katta yutuqlar”ga erishgan. Biz 15 yildan beri qo‘shma tadqiqot olib boryapmiz. 2017 yil ittifoqchi davlatlar HIFiRE (Hypersonic International Flight Research Experimentation) maxfiy loyihasi bo‘yicha ishni yakunladi. Mazkur tashabbus doirasida yuqori tovush tezligida uchadigan qurol namunasi ishlab chiqildi. 2020 yil bu davlatlar SCIFiRE loyihasini ishga tushirgan. Ko‘zlangan maqsad taktik qiruvchi samolyotlar uchun eng yuqori tezlikka erisha oladigan o‘ta aniq zarba beruvchi raketa yaratish.