AQSh Eronning neft eksportiga yangi sanksiyalar kiritdi

AQSh Eronning neft eksportiga yangi sanksiyalar kiritdi

Amerika Qo‘shma Shtatlari neft-kimyo va neft savdosiga aloqadorlikda gumon qilingan Eron kompaniyalariga, jumladan, Xitoyda joylashgan ayrim kompaniyalarga nisbatan sanksiyalar joriy qildi, deya xabar berdi IRNA.

AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Eronga neft va neft kimyosi eksportini «qattiq cheklash» maqsadida ularni «muntazam asosda» joriy etishga va’da berib, Eronga qarshi yangi sanksiyalar paketini e’lon qildi.

Payshanba kuni AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Vashington Xitoyning ikki kompaniyasi – Zhonggu Storage and Transportation Co LTD. va WS Shipping Co.Ltdga nisbatan Eron nefti va neft-kimyo mahsulotlarini sotish orqali sanksiyalardan qochishga urinishlariga barham berish uchun sanksiyalar joriy etganini aytdi.

Blinken birinchi kompaniyani Eron nefti uchun tijorat xom neft saqlash omborini boshqarishda, ikkinchisini esa Eron neft mahsulotlarini olib ketuvchi kemani boshqarishda aybladi.

AQSh moliya vazirligi, shuningdek, Janubiy va Sharqiy Osiyodagi iste’molchilarga yuzlab million dollarlik Eron neft-kimyosi va neftini sotish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar tarmog‘iga ham sanksiyalar kiritdi.

«Tadbirlar Eron brokerlari va Birlashgan Arab Amirliklari, Gonkong va Hindistondagi shirkatlarni nishonga oldi», — deyiladi AQSh Moliya vazirligi bayonotida.

Vashington Tehron bilan yadroviy kelishuvni qayta tiklash istiqbollari pasaygani sababli Eron neft-kimyosi mahsulotlari eksporti bilan bog‘liq xorijiy kompaniyalarni nishonga olmoqda, deb xabar beradi Reyters.

Shunday qilib, rasman Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasi (QKQHR) deb nomlanuvchi Eron bilan yadroviy kelishuv bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Ko‘p sonli bilvosita muzokaralardan so‘ng Vashington va Tehron kelishuvni tiklay olmaganlikda ayblashdi.

«Eron QKQHRni to‘liq amalga oshirishga o‘zaro qaytishdan bosh tortar ekan, AQSh Eron nefti va neft-kimyo mahsulotlarini sotishga qarshi sanksiyalarni joriy etishda davom etadi», - dedi AQSh moliya vazirining terrorizmga qarshi kurash va moliyaviy razvedka bo‘yicha o‘rinbosari Brayan Nelson.

Sanksiyalar AQShdagi zarar ko‘rgan kompaniyalarning aktivlarini muzlatib qo‘yadi va Amerika fuqarolariga ular bilan biznes yuritishni taqiqlaydi, deb xabar beradi AlJazeera.

«Erondan neft va neft-kimyo mahsulotlari eksportini keskin cheklash maqsadida ushbu majburlov choralari muntazam ravishda davom etadi», - dedi Blinken.

Bunday savdo va tranzaksiyalarga aloqador har bir kishi, agar AQSh sanksiyalaridan qochmoqchi bo‘lsa, bunday faoliyatni darhol to‘xtatishi kerak, dedi u.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!