Amitabx Bachchan nima uchun bunchalik mashhur?
Nima uchun mashhur?
Afsonaviy hind aktyori, siyosatchi, prodyuser va teleboshlovchi. U 271 ta filmda suratga tushgan. 2000 yilda Hindiston kinoijodkorlari milliy assosiasiyasi tomonidan ming yillik aktyori sifatida tan olingan. U hayotlik paytida madam Tyusso muzeyidan mumli haykali o‘rin olgan dunyodagi kam sonli insonlardan biri. Fransiya fuqarolik mukofoti – “Faxriy legion” ordeni sovrindori.
Qanday mashhur bo‘lgan?
1942 yilning 11 oktyabrida Hindistonning Uttar-Pradesh shtati Allohobod shahrida dunyoga kelgan. Amitabxning otasi Xarivansh Ray Bachchan mahoratli shoir, yozuvchi va tarjimon bo‘lgan. Shekspir tragediyalari — “Otello”, “Makbet”, “Gamlet” hamda Umar Xayyom, Pushkin, Lermontov va Yesenin asarlarini hind tiliga o‘girgan. Xarishvanshga “Bachchan” (bolakay) deb uning onasi laqab qo‘ygan. U esa bu laqabni taxallusiga aylantirgan.
Bolaligidan aktyor bo‘lishni orzu qilgan Amitabx kinoda o‘zini sinab ko‘rmoqchi bo‘ladi. Dehli Universitetini tugatgach, Uttar-Pradeshdan Bombeyga yo‘l oladi. Ammo bu sa’y-harakatlari samarasiz bo‘ladi. U kinochilarning o‘sha paytdagi talabiga to‘g‘ri kelmas, ikki metrli bo‘yi va qorachadan kelgani rejissyorlarga yoqmasdi. Faqat uning ovozidan ekran ortida hikoya qilish va ikkinchi darajali sharhlashda foydalanishadi. Lekin Amitabx harakatni aslo susaytirmaydi. Bachchanga birinchi bor Saat Hindustani kompaniyasida omad kulib boqadi. U Bollivuddagi rolini o‘sha paytdagi bosh vazir Indira Gandi xonimning tavsiyanomasiga ko‘ra qo‘lga kiritadi, Amitabx uning o‘g‘li Rajiv Gandi bilan do‘st edi.1969 yil suratga olingan “Etti hindu” filmi tijoriy tomondan muvaffaqiyat qozonmasa-da, Bachchan eng yaxshi yangi aktyor milliy kinomukofotiga sazovor bo‘lgan.“Muhabbat hech qachon o‘lmaydi” filmidagi ijrosidan so‘ng Bachchanga “Filmfare” jurnalining eng yaxshi ikkinchi darajali aktyor mukofoti topshirilgan. 1973 yili u “Cho‘zilgan qasos” filmida yovuzlikka qarshi mustaqil kurashga kirishgan polisiyachi Vijay Kxanna rolini ijro etgan. Uning qaddi rasoligi, o‘tkir nigohi bu rolga nihoyatda mos kelgan.Amitabx melodrama, komediya va ijtimoiy dramalarda ham turli obrazlarni maromiga yetkazib ijro etgan.U kelishgan, vazmin va olijanob Jay obrazini ajoyib tarzda ijro etgan“Qasos va qonun” blokbasteri esa unga chinakam omad keltirib, u Bollivudning eng yaxshi aktyori statusini mustahkamlab olgan. Bachchanning yo‘g‘on ovozi ham hamisha e’tiborda bo‘lgan. Mashhur rejissyor Satyajit Rey uning ovozidan o‘zining “Shaxmatchilar” filmida foydalangan. Shu tarzda Bachchan ekranning shaksiz qiroliga aylangan, uning kinoda Rekxa bilan dueti Bollivuddagi eng yaxshi juftlik sifatida baholangan.
1982 yili “Hammol” filmini suratga olish chog‘ida esa Bachchan tryuklardan birini bajarayotib og‘ir shikastlangach,bir necha hafta shifoxonada hushsiz yotadi.Sog‘aygach “Hammol”dagi ijrosini davom ettiradi.1984 yili aktyor parlamentga nomzodini qo‘yib, g‘alaba qozonadi. Biroq siyosat bobida ishlari unchalik o‘nglanmaydi. Uning kinoga qaytishi ham muvaffaqiyatsiz kechadi. Sababi ekranni Rishi Kapur, Mitxun Chakraborti, Shoxruhxon kabi yulduzlar egallagandi. Amitabx ukasi Ajitabx bilan ABCL (Amitabh Bachchan Corporation Ltd) kompaniyasi (filmlar ishlab chiqaruvchi yirik korxona)ni ochadi. Ammo 1999 yilgi bir qator omadsizlar, kompaniyaning qarzga botishi aktyorning salkam xonavayron bo‘lishga olib keladi. Bosh milliy bank Bachchanga nisbatan da’vo ishi qo‘zg‘atadi. Bachchan “Kim millioner bo‘lishni istaydi?” teleko‘rsatuvida boshlovchilik qilib o‘zini tiklab olgan. Uning ishtirokidagi “Vir va Zara”, “Bog‘bon”, “Zulmat” filmlari esa yana katta muvaffaqiyat qozongan. “Zulmat” yilning eng yaxshi filmlari xalqaro reytingiga kiritilgan.
Aktyorning turmush o‘rtog‘i hind aktrisasi Jayya Bxaduri. Juftlik Hindistonning eng baxtli oilasi, deya e’tirof etilgan. Ularning ikki farzandi bor. Oila a’zolari Bachchanga Munna deb murojaat qilishadi.Amitabx Bachchan puldan ham ko‘ra vaqtni ko‘proq qadrlaydi, xobbisi – doston yozish. U chap qo‘lida ham aniq va ravshan yoza oladi.
Mashhur nima deydi?
“Etishmovchiliklar maqsadga erishish yo‘lida sizni to‘xtatishiga yo‘l qo‘ymang”.
“Hayotda yangi bir narsani sinashdan qo‘rqmaslik kerak. Ba’zan u shunga arzirlik bo‘ladi”.
“Mening dindor bo‘lishim ajablanarli emas, chunki faqat din sizga ko‘p savollarga javob beradi va mo‘’jizaga ishonishingizga imkon beradi”.
