Abdulaziz Komilov AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashdi

Abdulaziz Komilov AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashdi

1 iyul kuni Vashingtonda AQSh davlat kotibi Entoni J. Blinken O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashdi. Bu haqda AQSh Davlat departamentiga tayanib, «Gazeta.uz» xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, uchrashuvda davlat kotibi AQShning O‘zbekiston bilan strategik sherikligini chuqurlashtirish istagini bildirgan va bu yil ikki mamlakat diplomatik munosabatlarining 30 yilligi nishonlanishini ta’kidlagan.

Shuningdek, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo doirasidagi munosabatlarni yaxshilash bo‘yicha tashabbuslari yuqori baholanib, ikki mamlakatning C5+1 mintaqaviy diplomatik platformasi orqali faol hamkorligi ta’kidlab o‘tilgan.

Kotib tashqi ishlar vaziriga O‘zbekistonning Afg‘onistonda adolatli va uzoq muddatli tinchlik o‘rnatilishini doimiy qo‘llab-quvvatlashi uchun minnatdorlik bildirgan. Shuningdek, u O‘zbekistonning mintaqaviy aloqalari, shu jumladan, Markaziy va Janubiy Osiyo bo‘ylab farovonlik va ravnaqni qo‘llab-quvvatlovchi yo‘llar orqali Afg‘oniston bilan yaqinroq siyosiy va iqtisodiy hamkorlikka e’tiborini olqishlagan.

Avvalroq Afg‘oniston O‘zbekiston rahbariyatining afg‘on inqirozini tinch yo‘l bilan hal etish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholagan edi.

Eslatib o‘tamiz, 27 iyun kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegasiya amaliy tashrif bilan AQShga borgan. 28 iyun kuni Abdulaziz Komilov AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) administratori Samanta Pauer bilan uchrashgan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!