8 yoshida Qur’oni Karimni yod olgan Ubay...

8 yoshida Qur’oni Karimni yod olgan Ubay...

Qur’oni karimni eng chiroyli qiroat qiladigan sahobalardan biri va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: Ummatning eng yaxshi qorisi degan e’tiroflariga sazovor bo‘lgan Ubay ibn Ka’b haqida manbalarda o‘qigandim. Sayyidul qurro, ya’ni qorilar yetakchisi nomi bilan ham chaqirilgan Ubay ibn Ka’b shirali ovozga ega bo‘lib, Qur’on qiroatini shaxsan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘rgangan. Umar roziyallohu anhu esa Ubay ibn Ka’bni Musulmonlar sayyidi deb nomlagan.

Shu kunlarda ikki yutug‘i biri matematika bo‘yicha Xalqaro olimpiadadagi g‘alabasi va 8 yoshida Qur’oni Karimni yod olgani bilan odamlar tiliga tushgan bolakayning ismi ham Ubay. Ubay qori Yahyoyev 2005 yil 27 avgustda Andijon shahrida qorilar oilasida tug‘ilgan. Hozirda xususiy maktablarning birida ta’lim olmoqda. Suhbatimiz davomida unga bu ismni otasi Husayn qori Yahyoyev aynan Ubay ibn Ka’bga havas qilib qo‘ygani ma’lum bo‘ldi.

Ubay qori Qur’oni Karimni yod olishni 5 yoshidan boshlagan. Bunda uning otasi, amakisi bosh bo‘lgan. 8 yoshga to‘lganida u hofizi Kalomulloh bo‘ldi, ya’ni Allohning kalomini to‘liq yod oldi. Hozirda agar undan Qur’oni Karimning qaysi oyatlarini aytib berishini so‘racangiz, barchasini xatosiz, qiroat bilan yoddan o‘qib beradi. Shu bilan birga bu oyatlar Kalomullohning qaysi surasi va nechanchi porasi tarkibiga kirishini ham bir zumda aytib beradi.

Ubayning yana bir yutug‘i

Ubay 11 yoshida Bolgariyada bo‘lib o‘tgan Chegarasiz matematika-2017 matematika bo‘yicha xalqaro olimpiadada maktabdoshlari bilan birga ishtirok etdi. 11 mamlakatdan kelgan 1200 nafar kuchli matematik orasida o‘z yosh bosqichi bo‘yicha bronza va oltin medallariga sazovor bo‘ldi.
Biz qahramonimizdan qiziqishlari haqida so‘radik.

Chet tillarini o‘rganishga qiziqaman, - deydi u. Rus, ingliz tillarini o‘rganyapman, hozirda fransuz tilini ham o‘rganishni boshladim. Yana sportning futbol, shaxmat turlariga ham qiziqaman. Bo‘sh vaqtimda shug‘ullanib turaman. Maktabda shaxmat musobaqalarida ham qatnashganman.

Bolaligidan qori bo‘lish uchun nimalarga e’tibor berish kerak?
Ushbu savol ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. Bu haqda Ubay qorining amakisi Hasanxon qori Yahyoyev shunday deydi:

Buyuk mutafakkir Abu Ali Ibn Sino o‘zining Siyosat nomli kitobida Bolaga tili ravon bo‘lishi bilan Qur’on o‘qitiladi , degan gapi bor. Demak, Qur’onni yod olishni boshlashdan avval bolaning tili to‘liq chiqishi kerak. Agar 3 yoshida ravon gapirmasa, logopedga olib borish, shug‘ullanish darkor. Chunki bolaning tili ravon bo‘lishi Qur’on o‘qishda muhim ahamiyatga ega. Ba’zan tili chuchuk yoki duduq bo‘lgan bolalar Qur’on o‘qigandan so‘ng to‘liq tuzalib ketgan holatlar ham uchraydi. Buni tajribada kuzatganmiz.

Qur’onni yodlash avval kichik-kichik suralardan boshlanadi. Aniqrog‘i, 30 poradan pastdan yuqoriga qarab chiqib kelinadi. Suralarni oyat-oyat qilib o‘rgatilgani ma’qul. Sura tugagach, uni butun qilib boshidan oxiriga takrorlatiladi va surani to‘la adashmay o‘qiydigan bo‘lgunicha mashq qilinadi. Shundan keyin navbatdagi suraga o‘tiladi. Shu tarzda yarim yoki bir poradan yoddan o‘qitiladi. 4,5-5 yoshdan keyin bola harf taniy boshlaydi. Unga Muallimi Soniy (ya’ni Ikkinchi muallim ) kitobi asosida arab harflari o‘rgatiladi. Bola harflarni tanib olgach, bunga qadar yod olgan suralari xatdan qayta o‘qitiladi. Shunda yodlagan surasi bilan xatdagi (yozmasini) solishtirib boradi va bu bolaning savodi ravon chiqishiga judda katta turtki bo‘ladi.

Yodlatish jarayonida turli o‘yinlar bilan, ya’ni bolani o‘ynatib, harakatlar bilan yodlashiga e’tibor berish kerak. Suralarni yodlashni kundalik vazifa tarzida berish va bajargan bajarmaganini nazorat qilib borish, rag‘batlantirib borish ham juda muhim. Masalan, mana bu surani yodlasang, shirinlik olib beraman yoki yaxshi ko‘rgan o‘yinchog‘ingni olib beraman , deb rag‘batlantirish mumkin. Bunda bolaning qiziqishi yanada kuchayadi. Shuningdek, bolalar o‘rtasida raqobat bo‘lsa ham yaxshi natija beradi. Sherigiga qarab yodlashga ishtiyoqi ortib boradi.

Shu o‘rinda ko‘pchilik beradigan savolga to‘xtalmoqchiman, ya’ni yosh bola ko‘p o‘qisa charchab qolmaydimi? Bu tabiiy va to‘g‘ri savol. Buning javobi shuki, yuqorida aytilganidek, bolaga o‘qishni o‘yin kabi zavqli mashg‘ulotga aylantirish kerak. Buning uchun bolaga vaziflarni yengil-engil berish, yodlamoqchi bo‘lgan oyatlarini jihozlar orqali eshittirish, doskaga yozib berish orqali yodlatish, ma’lum marralarda sayohat, sovg‘alar uyushtirish, ibratli hikoyalar aytib berish, o‘rtoqlari bilan raqobatlashishini ta’minlash kabi ishlarni amalga oshiriladi.

Xalqimizda Qush uyasida ko‘rganini qiladi , degan gap bor. Ota-onalar, umuman, uyning kattalari farzandlar ko‘z o‘ngida albatta, kitob o‘qishlari, Qur’onni yoddan bilmasalar-da, hech bo‘lmasa kitobni ochib o‘tirishlari kerak bo‘ladi. Bola boshqalarning ham kitob o‘qiyotganini ko‘radi va o‘zi ham shunga intiladi.

Farzandi olim, qori bo‘lishi istagan odam ularni avvalo halol luqma bilan boqishga e’tibor berishlari kerak.

Suhbatimiz so‘ngida Ubaydan kelajakda kim bo‘lmoqchiligini so‘radik. Bungacha savollarimizga tortinchoqlik bilan javob qaytargan bolakay endi ko‘zlari porlab: Matematik olim bo‘lmoqchiman , dedi. Biz Ubayga niyatlariga yetishini tilab qolamiz.

Manba: azon. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!