Zelenskiy Kaxovka GES bo‘yicha Rossiyani xalqaro sudga bermoqchi

Zelenskiy Kaxovka GES bo‘yicha Rossiyani xalqaro sudga bermoqchi

Ukraina Kaxovka GES vayron qilingani sababli Rossiyaga qarshi Haagadagi Xalqaro jinoiy sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilmoqchi. Bu haqda Kiyevdagi matbuot anjumanida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina tomoni bo‘lib o‘tgan voqea haqida Yevropa Ittifoqi va NATO mamlakatlarini allaqachon xabardor qilgan, BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqan, Bosh prokuratura esa ekosid moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

«Fojia oqibatlari bir hafta ichida ma’lum bo‘ladi. Oddiy qilib aytganda, suv ketgach... 35 tadan 80 tagacha aholi punktlarini suv bosishi, ichimlik suvi ta’minotida katta muammolar yuz berishi mumkin. Ichimlik suvi suv toshqini kuzatilmagan hududlarda katta muammolar keltirib chiqaradi. Butun mintaqada: Dnipropetrovsk, Zaporijjya va Xersonda», — dedi Zelenskiy.

Keyinroq Ukraina prezidentining telegram-kanalida oliy bosh qo‘mondon qarorgohida Kaxovka GESdagi vaziyat bo‘yicha razvedka hisoboti eshitilgani haqida xabar paydo bo‘ldi.

«Asosiy xulosa shuki, portlash ataylab qilingan, biroq dushman tartibsiz harakat qilib, o‘z texnikasini suv bosishiga yo‘l qo‘ygan. Shu bilan birga, to‘g‘onning portlashi Ukrainaning o‘z hududlarini qaytarib olish qobiliyatiga ta’sir qilmadi», deyiladi xabarda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!