Yulduz Oripova: “Ha, sud bo‘ldi. Men norozi bo‘ldim”
Avvalroq, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning oilasida meros mojarosi yuzaga kelgani, Yakkasaroy tumanlararo sudi Abdulla Oripovdan qolgan mol-mulk bo‘yicha ajrim chiqargani haqida xabar bergan edik. Ushbu holat yuzasidan xabarlar markazida bo‘layotgan Yulduz Oripova munosabat bildirdi.
“Kechadan beri telefonim tingani yo‘q. Yana bir bor aytaman: men meros talashayotganim yo‘q! Sudga da’vo arizasini onam yozgan ukam bilan, rahmatli otamdan qolgan merosni qonuniy yo‘l bilan baholatib, narxlatib, menga o‘z ulushimni pul bilan berishlarini so‘raganlar, xolos. Ha, sud bo‘ldi. Men norozi bo‘ldim, ya’ni pul kerakmas dedim, hammasi uz holida qolsin dedim. Bor gap shu.
Tushunaman hammasini, bilib ham turibman, aqlim xam joyida. Bu gap-so‘zlar men uchun ham qanchalar og‘riqli ekanini tushuninglar. Otamning ruhini bezovta qilishlarini xohlamasdim. Men doim aytganman: eng katta xazinam – bu otamning kitoblaridir. Men otajonimni, hatto, to‘rt qator she’rlarini hech kanday zebu zar, pullarga alishmayman!
Afsuski, ayrim insonlar bo‘layotgan hodisalarni noto‘g‘ri tushunib, meni ayblashmoqda. Men bu hayotda eng katta zarbamni olib bo‘ldim, mehribonim otamni yo‘qotdim, bundan yomon fojia bo‘lmasa kerak. Shuning uchun ham hozirgi bo‘layotgan voqealar, sudlar men uchun ahamiyatli emas!
Onamni juda yaxshi ko‘raman. Volidamning oyoqlariga bosh urib, poyondoz bo‘lishga ham tayyorman. Ustimdan bosib o‘tsalar ham ularning haqqi bor. Ukamning gaplariga kirib, ozgina adashgan bo‘lishlari mumkin. Men, albatta, to‘g‘ri tushunishga harakat qilaman va onam uchun doim duodaman!”, deydi Yulduz Oripova.
Eslatib o‘tamiz, Xanifa Mustafoyevaning arizasiga ko‘ra, sud O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovdan qolgan uchta ko‘chmas mulk va bitta yengil avtomobil bo‘yicha ishni ko‘rib chiqishi kerak.
Bular:
1. Toshkent shahar, Yakkasaroy tumanidagi 4 xonali kvartira
2. Qarshi shahri, “Neftchi” MFYda joylashgan kottej-uy
3. Toshkent viloyati, Qibray tumani, “Do‘rmon” QFY 9 sotixlik dala hovli
4. Captiva avtomobili
Manba: qalampir.uz
