Tramp AQSh xalqiga murojaatida o‘zini maqtadi va...
Tramp AQSh xalqiga murojaatida o‘zini maqtadi, demokratlarni tanqid qildi va “iqtisodiy bum”ni va’da qildi.
Donald Tramp o‘z murojaatini mamlakatdagi iqtisodiy vaziyatdan norozi bo‘layotgan saylovchilar va 2026 yilda bo‘lib o‘tadigan AQSh Kongressiga oraliq saylovlar arafasida amalga oshirdi.
"Xayrli kech, Amerika. O‘n bir oy avval men tartibsizlikni meros qilib oldim va hozir uni to‘g‘rilayapman", — dedi 79 yoshli AQSh prezidenti Oq uydan jonli efirda.
"Amerikaliklarni tashvishga solgan benzin va oziq-ovqat narxlari tez sur’atlarda pasaymoqda. Biz dunyo hali ko‘rmagan iqtisodiy bumga tayyormiz", — dedi respublikachi siyosatchi.
Shu bilan birga, Tramp 1,45 million nafar AQSh harbiy xizmatchilariga “harbiy dividendlar” to‘lanishini e’lon qildi. Bunda har bir harbiyga 1776 dollardan beriladi. Prezident harbiylar uchun mablag‘ Qo‘shma Shtatlarga olib kiriladigan mahsulotlarga joriy etilgan savdo bojlaridan tushgan daromadlar hisobidan ajratilishini bildirdii.
Oq uy rahbari nutqi davomida bir necha bor sobiq prezident Jo Baydenni, demokratlarni va migrantlarni tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, migrantlar "amerikaliklarning ish o‘rinlarini o‘g‘irlab ketgan".
AFP'ning yozishicha, so‘nggi paytlarda Tramp jamoatchilik fikri aks etgan so‘rovnomalardan xavotirda. Xususan, YouGov tomonidan yaqinda o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, amerikaliklarning 52 foizi "Tramp davrida AQSh iqtisodiyoti yomonlashmoqda", deb hisoblashini bildirgan.
Bundan tashqari, AQSh prezidenti o‘zining MAGA (Make Amerika Great Again — Amerikani yana buyuk qilamiz) harakati tarafdorlarining ham noroziligiga uchradi, ular Tramp ichki muammolar o‘rniga G‘azo sektori va Ukrainadagi tinchlik kelishuvlariga e’tibor qaratayotganini tanqid qilmoqda.
