YPX xodimini do‘pposlayotgan haydovchilar: inspektor va haydovchi do‘st bo‘la oladimi?

YPX xodimini do‘pposlayotgan haydovchilar: inspektor va haydovchi do‘st bo‘la oladimi?

Haydovchi o‘z vazifasini bajarayotgan yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimini do‘pposladi... Joriy yil 12 iyun kuni Qarshi–Shahrisabz avtomobil yo‘lining 1-kilometrida sodir bo‘lgan bu voqea o‘tgan haftada internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarning asosiy mavzularidan biriga aylandi.

Nafsilamrini aytganda, videoni kuzatganlar va fikr bildirganlar orasida «Haydovchining asabiga tekkandir-da», deya shubha bildirganlar ham, «Eh, odamlar, shunchalikka ham borishadimi?» qabilida kuyunganlar ham bo‘ldi... 
So‘nggi paytlarda o‘z vazifasini bajarayotgan vaqtida ayovsiz kaltaklangan MIB xodimlari, «Tez tibbiy yordam» shifokorlari, YPX inspektorlari haqida OAV orqali ko‘plab xabarlar tarqalmoqda. Afsuski, bunday noxush holatlarga YHXB xodimlari ko‘proq duch kelyapti. Birgina Qashqadaryo viloyatining o‘zida keyingi yillarda bir nechta shunday holat kuzatilgani bu xususda jiddiyroq mushohada yuritishga undaydi... 
Quyida ularning ayrimlari bilan tanishasiz (ma’lumotlar viloyat prokuraturasi tomonidan OAVda e’lon qilingan materiallardan olindi). 
 

SARKASHMI, SARMASTMI?

– Yurgani qo‘yasanlarmi-yo‘qmi? 
Mashinadan tushib kelgan yoshgina haydovchi shunday deya baqirganicha uni to‘xtatgan YPX inspektorining qorniga tepdi. So‘ng o‘rnidan turishga harakat qilayotgan xodimning yuzi-ko‘zi demay, ayovsiz musht yog‘dira boshladi. Sherigiga yordamga yetib kelgan YPX xodimi ham uni to‘xtata olmasdi. Oxiri g‘azab otiga mingan haydovchi uni ham itarib yubordi. Keyin mashinaga o‘tirib, zo‘r ishni do‘ndirgandek, juftakni rostladi... 
Ma’ruf Mahmadiyorov 1994 yilda tug‘ilgan, Qarshi tumani Beshkent shahrida yashaydi. 2018 yilning 14 fevral kuni tushga yaqin u bo‘lajak turmush o‘rtog‘i hamrohligida boshqaruv huquqini beruvchi hujjatlarsiz tanishiga tegishli «Lada-Largus» rusumli avtomashinani haydab ketayotgan edi. Tuman markazida, shundoqqina piyodalar o‘tish yo‘lakchasi oldida, to‘xtash mumkin bo‘lmagan joyda tormozni bosdi. 
Shu payt yoniga kelib to‘xtagan «Matiz»dan tushib kelgan YPX inspektori jezl bilan to‘xtash ishorasini berib, o‘zini tanishtirdi. Mashinani taqiqlangan joyda to‘xtatganini aytib, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirishini ma’lum qildi. Ma’ruf uni nazar-pisand etmasdan, gazni bosdi. O‘n metrlar chamasi yurgach, ikkinchi xodim unga to‘xtash ishorasini berdi. Ma’ruf esa uning talabiga ham bo‘ysungisi kelmadi. Mashinani nariroqdagi bekat yoniga to‘xtatib, shaxd bilan inspektorining oldiga tushib bordi. So‘ng... yuqorida tasvirlangan noxush manzara ro‘y berdi. 
Darvoqe, Ma’rufning nega «otdan tushmay» turganligining sababi ham ma’lum bo‘ldi. Aniqlanishicha, sarkashlikdan tashqari, voqea ro‘y bergan paytda haydovchi mast holatda ekan... 
Sud hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining tegishli moddasiga muvofiq, Ma’ruf Mahmadiyorovga ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda, 1 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. 
INSPEKTORNI MASHINADA SUDRAB KETDI

– Yo‘l-patrul xizmati inspektori, safdor Asqarovman, – deya o‘zini tanishtirdi xizmat vazifasini o‘tayotgan xodim to‘xtab turgan «Nexia» haydovchisiga. – Hurmatli haydovchi, siz «To‘xtash taqiqlanadi» yo‘l belgisi ta’siri doirasida to‘xtab turibsiz. Shuning uchun ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirishga majburmiz. Marhamat qilib, hujjatlaringizni bering... 
Ammo haydovchi bepisandlik bilan mashinani o‘t oldirdi-yu, o‘zi tomonidagi eshikni ochiq qoldirganicha tezlik bilan ortga tislandi. U bilan birga inspektor ham ortga sudralib ketdi. Haydovchi hamon to‘xtashni talab qilayotgan inspektorni haqoratlab, mashinani ilgariga haydadi. Jazavaga tushgan haydovchining ko‘ziga aftidan qochishdan boshqa hech narsa ko‘rinmayotgandi. Bu orada shoshib boshqa ikki mashinaga ham shikast yetkazdi. Avtomashinalar orasida qolib ketgan inspektorni qisib qo‘yib jarohatladi. So‘ng atrofdagilarning «hay-hay»lashiga parvo qilmasdan, tezlikni oshirganicha ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi... 
Aniqlanishicha, Qarshi shahridagi Markaziy buyum bozori yonida avval qoidabuzarlikka, so‘ng jinoyatga qo‘l urgan bu haydovchi Koson tumani «Pistali» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashagan, endi yigirma yoshdan o‘tgan Lochin Boitov bo‘lib, unda avtomashina boshqarish huquqini beruvchi hujjatning o‘zi yo‘q ekan. Ustiga-ustak, «Nexia» ham akasi S.Boitovga tegishli bo‘lgan. 
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudida bo‘lib o‘tgan sud majlisida «qaysar haydovchi»ning qilmishlariga qonuniy baho berildi va barcha zararlarni qoplagan Lochin Boitov tegishli jazosini oldi. 
USTIGA BOSTIRIB BORDI...

Bu voqea bundan uch yil muqaddam sodir bo‘lgandi. Otasining «Jiguli»sida sherigi bilan yo‘lga chiqqan Sanjar mashinani «uchirib» borayotgandi. Uzoqdan «to‘xtang» ishorasini qilgan yo‘l-patrul xizmati xodimlarini ko‘rib, hujjatlari joyida emasligi yodiga tushdi. 
– Qochamiz, – Sanjar yashin tezligida xayoliga kelgan qarorni sherigiga aytdi. U tezlikni pasaytirmasdan, oldinroqda to‘xtayotgan mashinalarni aylanib o‘tdi-yu, qochishga shaylandi. Shu payt inspektorlardan biri jezlni ko‘tarib, yo‘lga chiqib keldi. Sanjar mashinani inspektorning ustiga haydadi. 
Nogahon nimadir qars etdi. Mashina oynasi sinib ketgandi. Sanjar qo‘rqib ketganidan yana gazni bosdi... Oqibatda YPX inspektori umurtqasi, oyog‘i va boshidan qattiq jarohat olib, shifoxonaga yotqizildi. 
Sud hukmi bilan Sanjar Muroddinovga Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan, 2 yil 9 oy 20 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Yetkazilgan zararni ham to‘ladi. 
«SEN FORMALISAN, UROLMAYSAN...»

Endi yana yuqorida ta’kidlaganimiz – 12 iyundagi voqeaga qaytsak. 
Qashqadaryo viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati rahbari, mayor Javlon Baxtiyevning ma’lum qilishicha, o‘z vazifasini bajarayotgan boshqarma yo‘l-patrul xizmati inspektori, safdor Bahrom Boboqulov taqiqlangan joyda to‘xtab turgan «Damas»ning yoniga borib, haydovchi B.R.ga o‘zini tanishtirib, hujjatlarini so‘raydi. Shundan so‘ng haydovchiga qanday huquqbuzarlik sodir etganini tushuntirib, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirishga kirishadi. Biroq haydovchi unga bo‘ysunmasdan, xodimga tan jarohati yetkazadi. 
– Hammasi kutilmaganda yuz berdi, – deydi B.Boboqulov. – Haydovchi avval orqa tomondan kelib, yelkamga musht tushirib, tayoq bilan urdi. So‘ng xizmat kiyimimni yirtib tashladi. Menga qarab: «Sen formalisan, meni urolmaysan, qo‘lingdan hech narsa kelmaydi», – dedi. 
Bu ham yetmagandek, haydovchi YPX xodimining uyali telefonini tortib olgan. Rasiya va jezlni sindirib, qochib ketgan... 
Voqea joyiga yetib borgan shahar prokuraturasi vakillari tafsilotlarni o‘rganib, viloyat prokuroriga maxsus xabarnoma kiritishgan. Unda qayd etilishicha, Qarshi shahar prokurori tomonidan «Damas» haydovchisi, 1995 yilda tug‘ilgan B.R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etyapti. 
TANGANING BU TOMONI...

Tanganing ikkinchi tomonini so‘rashga haqqingiz bor. «Nuqul xodimlar jabrdiyda bo‘lib qolgan hodisalarni misol qilib keltiryapsiz», deyishingiz ham mumkin. To‘g‘ri, sohaning ayrim noinsof xodimlari haydovchilarga nisbatan behurmatlik yo tamagirlik qilgan, zug‘um o‘tkazgan holatlar bo‘yicha ko‘plab misollar topiladi. Bugun OAVda, ijtimoiy tarmoqlarda, hatto qiziqchilarning latifayu hajvlarida tanqid to‘qmog‘i bilan «kaltaklanadigan», hech bo‘lmasa, bir «turtib o‘tiladigan» birinchi soha futbol bo‘lsa, ikkinchisi, xalq tili bilan aytganda, «GAI» bo‘lib qolgani hech kimga sir emas. Ammo bugun qattiq kurash boshlaganimiz jirkanch illat – tamagirlik, poraxo‘rlik nafaqat bu tizimda, balki boshqa ko‘plab sohalarda uchrayapti-ku. Balki kaltagu to‘qmoqni, achchig‘u iddaoni bir chetga surib, mazkur tizimdagi muammolarni bahamjihat hal qilish xususida bosh qotirish fursati yetgandir? 
ANDISHANING OTI QO‘RQOQMI?

– YPX inspektori, eng avvalo, murojaatni «Assalomu alaykum!»dan boshlashi kerak, – deydi Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi faxriylar kengashi raisi, iste’fodagi polkovnik Sodiq Islomov. – Haydovchi har xil vaziyatda, kayfiyatda, qolaversa, turli fe’l-atvor egasi bo‘lishi mumkin. Xodim esa u bilan oxirigacha xushmuomala bo‘lishi, vaziyatni nizogacha olib bormasligi zarur. Agar shunday sabr-bardosh va «diplomatiya»dan keyin ham nizoli holat davom etadigan bo‘lsa, qonuniy chora ko‘rishi lozim. Ammo bu holatni noto‘g‘ri tushunib, ojizlikka yo‘yib, o‘z foydasiga burib, andishaning otini qo‘rqoq qo‘yadigan haydovchilar uchrayotgani juda afsuslanarlidir. 
– Odatda qoidabuzar haydovchilar yuqori miqdordagi jarima to‘lashdan cho‘chib, asabiylashib, jazavaga tushadilar va alamidan mushtumzo‘rlikkacha borib yetishadi, – deydi viloyat IIB YHXB boshlig‘ining o‘rinbosari, mayor Ro‘zimurod Xurramov. – Afsuski, keyingi vaqtda bunday holatlar ko‘p uchrayapti. Xodimlarimizga musht ko‘tarish, ustiga mashina haydab borish oqibatida ularning salomatligiga jiddiy putur yetyapti. 
Ajabo deysiz. Birovi YPX inspektorini ursa, boshqasi ustiga mashina haydasa, birovi dag‘dag‘a qilsa, tuhmat toshini yog‘dirsa, boshqasi shafqatsizlik bilan sudrasa?! Haydovchini bunday vahshiyliklarga nima majbur qilyapti? Jarima chiqimimi? Bema’ni g‘urur yo kibrmi? Yoki odamlar oldida va ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini ko‘z-ko‘z qilishmi? Bunday nafratni qayerdan olyapti ular? Nahotki, soha xodimlari aynan yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsizligi uchun jon kuydirishini tushunish shunchalik mushkul bo‘lsa? 
– Mashhur xonandamizning zahmatkash dehqonu chorvadorlarimizga bag‘ishlangan qo‘shig‘ida shunday satrlar bor, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Qurbon Egamberdiyev. – «Sen oylab o‘tkazgan qoru yomg‘irda mard bo‘lsalar bir kun turib bersinlar...» Ha, o‘sha mushtumzo‘r haydovchilar kechani kecha, kunduzni kunduz demasdan, qahratonu jaziramada, cho‘ldayu tog‘da yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlayotgan, temir «tulpor»larda ketayotgan haydovchiyu yo‘lovchilarning aziz jonlarini asrashga, ularning oilalari bag‘riga sog‘-omon yetib borishiga hissa qo‘shayotgan fidoyi insonlarning o‘rnida bir kungina o‘zlarini tasavvur eta olisharmikan? Shunda ularga nisbatan bunday shafqatsizlik noinsoflikdan boshqa hech narsa emasligini tushunib yetgan bo‘lishardi. 
– Yaqinda o‘z xizmat vazifalarini bajarish vaqtida halok bo‘lgan hamkasblarimiz jasoratlari haqida hikoya qiluvchi «Mard o‘g‘lonlar nomi barhayot» nomli kitob qo‘limizga yetib keldi, – deydi uzoq yillar yo‘l harakati xavfsizligi xizmatida faoliyat ko‘rsatgan iste’fodagi mayor Uzoq Yaxshiyev. – O‘zlarining aziz jonlarini elu yurt osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida qurbon qilgan qarchig‘ayday yigitlarimiz safida yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari ham bor. O‘z hayotlarini xavf-xatarga qo‘yayotgan mas’uliyatli soha xodimlarini behurmat qilayotganlar, hech bo‘lmasa, shular xususida o‘ylab ko‘rmaganmikan? 
QARS – IKKI QO‘LDAN

– Albatta, xalqimizda «qars – ikki qo‘ldan» degan gap ham bor, – deya o‘z fikrini davom ettiradi Ro‘zimurod Xurramov. – Xodimlarimiz orasida xizmat vazifasini suiiste’mol qilib, haydovchilarning noroziligiga sabab bo‘layotganlari ham borligidan ko‘z yuma olmaymiz. Biroq ularga nisbatan «musht ko‘tarib» emas, qonuniy yo‘l bilan kurashmoq lozim. Yurtimizda bu borada ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash maqsadida barcha choralar ko‘rilyapti. Agar YPX inspektori tomonidan biron nohaqlik sodir etilsa, haydovchilar bemalol o‘z huquqlarini qonun orqali himoya qilish imkoniyatiga ega. Ayni paytda boshqarmamizda xodimlarning xizmat madaniyatini yuksaltirish, kasb odob-axloq qoidalariga rioya etishlarini ta’minlash yuzasidan olib borilayotgan tadbirlar samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilyapti. Xususan, voqeaning ertasi kuni Qarshi shahri hududidagi yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar hamda avtoturargohlardagi haydovchilar o‘rtasida profilaktik suhbat va tushuntirish ishlari olib borildi. 
QONUNDA NIMA DEYILGAN?

Yuqoridagi holatda kim haq, kim nohaq ekanligiga sud oydinlik kiritadi, albatta. Biz esa masalaning qonuniy jihatlari, xususan, YPX inspektori hamda haydovchining bu boradagi burchi va mas’uliyati xususida ikki og‘iz eslatib o‘tsak. 
Ichki ishlar organlari intizom ustavining «Xodimlarning odob-axloq qoidalari» deb nomlanuvchi 2-bobida quyidagilar qayd etilgan: «Xodim tomonidan odob-axloq qoidalarining asosiy talablariga amal qilish quyidagilarni nazarda tutadi: 
fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala, kamtar va bosiq bo‘lish, ularning mavqeidan qat’i nazar, hech bir shaxs, guruh yoki tashkilotlarning kamsitilishi yoki afzal ko‘rilishi holatlariga yo‘l qo‘ymaslik; 
... xodimning o‘z xizmat burchini vijdonan bajarishiga nisbatan fuqaroda shubha uyg‘otuvchi xatti-harakatdan tiyilish, shuningdek, ichki ishlar organlari obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi nizoli vaziyatlarni yuzaga keltirmaslik». 
«Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonunning 10-moddasiga ko‘ra esa: «Ichki ishlar organi xodimining o‘z vakolatlari doirasida qo‘yilgan qonuniy talablarini, shu jumladan, qonunga rioya etish, hujjatlarni, tekshiruvlar materiallarini va boshqa ma’lumotlarni taqdim etish, mutaxassis ajratish, ichki ishlar organiga kelish hamda aniqlangan qonunbuzarliklar xususida tushuntirishlar berish to‘g‘risidagi, qoidabuzarliklarni, shuningdek, ularning sabablarini va sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish haqidagi qonuniy talablarini barcha davlat organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir». 
XULLAS... 
Shu o‘rinda yuqoridagi voqeaning yana bir jihati dilingizni xufton qiladi. Atrofdagi «Menga nima?» qabilidagi loqayd tomoshabinlar orasida kimdir voqeani uyali telefonida tasvirga olishga ham ulguribdi. Videotasvirni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatishga ham hafsala qilibdi. Ammo jabr chekayotgan kishiga yordam berishga shoshilmabdi hech kim. Videotasvirda, hech bo‘lmasa, bunga urinib ko‘rgan kishini ko‘rmaysiz. Nahotki oddiygina odamgarchilikni unutyapti odamlar? 
...Taqiqlovchi yo‘l belgilarini haydovchilarimiz yaxshi bilishadi. Nahotki, endi ular safiga «Musht ko‘tarish taqiqlanadi» belgisini qo‘shishga ham zarurat bo‘lsa? Axir haydovchi va YPX inspektori aslo bir-biriga qarama-qarshi qutb emas, balki yagona maqsad yo‘lidagi hamkorlar emasmi? Nahotki, ruldagi ayrim mushtumzo‘rlarga shu oddiygina haqiqatni eslatib turish lozim bo‘lsa? 
 

Nuriddin EGAMOV,

jurnalist

Manba: “Postda” gazetasi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!