“Yil o‘qituvchisi” va “Kasbiy mahorat yetakchisi” tanlovlari g‘oliblariga 525 mln so‘m mukofot beriladi

Bu bo‘yicha Hukumat qarori qabul qilindi, deya xabar bermoqda maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova.
🗓 Unga ko‘ra, “Yil o‘qituvchisi” hamda “Kasbiy mahorat yetakchisi” tanlovlari 2026-yildan boshlab har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi.
“Yil o‘qituvchisi” tanloviga nomzodlar o‘zlari dars beradigan bitta fandan, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari esa boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishida ishtirok etadi. Ishtirokchilar vazirlikning maxsus platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tadi.
Tanlov uch bosqichda o‘tkaziladi:
1️⃣ ‐ bosqichda — nomzodlarning mutaxassislik fani, pedagogik mahorati va kasb standarti bo‘yicha nazariy bilimlari baholanadi;
2️⃣ - bosqichda — nomzodlarning pedagogik mahorati baholash mezonlari asosida hakamlar hay’ati hamda pedagoglar tomonidan baholanadi. Bunda nomzod o‘tgan darsning videoyozuvi baholash uchun maxsus platformaga joylashtiriladi;
3️⃣ ‐ bosqichda — nomzodlarning ma’naviy-ma’rifiy faoliyati hamda kitobxonligi baholanadi.
💰 G‘oliblar bazaviy hisoblash miqdorining 1 ming 400 baravariga (525 mln so‘m) teng pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Pedagogik mahorat markazlari direktorlari o‘rtasida “Kasbiy mahorat yetakchisi” tanlovida esa ishtirokchilarning 4 ta yo‘nalish bo‘yicha faoliyati natijalari o‘rganiladi. Bular:
1️⃣ hududda ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha erishilgan natijalar;
2️⃣ moliyaviy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha erishilgan natijalar;
3️⃣ zamonaviy uslubda ta’lim jarayonini tashkil etish bo‘yicha erishilgan natijalar;
4️⃣ Markazni tajribali kadrlar bilan ta’minlash va zamonaviy boshqaruv usullarining joriy qilinganligi.
G‘oliblar bazaviy hisoblash miqdorining 1 ming 400 baravariga (525 mln so‘m) teng miqdorda pul mukofoti bilan taqdirlanadi.