“Yashil” iste’mol krediti foizi uchun kompensasiya ajratiladi
Hukumat qarori (517-son, 29.09.2023 y.) bilan “Yashil” iste’mol krediti bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini qoplab berish tartibi to‘g‘risida”gi nizom qabul qilindi.
Unga ko‘ra, Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasi tomonidan qiymati BHMning 500 baravaridan (165 mln so‘m) hamda foiz stavkasi Markaziy banki asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan “yashil” iste’mol kreditlari bo‘yicha foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan, biroq 5 foizli banddan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplab berish uchun 3 yil muddatgacha kompensasiya ajratiladi.
Kompensasiya murojaat sanasida tijorat banklarining skoring tizimidan ijobiy xulosa olgan, kreditlar va soliqlar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi mavjud bo‘lmagan jismoniy shaxslarning “yashil” iste’mol kreditlari bo‘yicha ajratiladi.
Hujjatlar jamg‘armaga tushgan sanadan 2 ish kunida ko‘rib chiqiladi hamda kompensasiya ajratish yoki kompensasiya ajratishni rad etish to‘g‘risida ma’lumotnoma rasmiylashtiriladi.
Kompensasiya ajratish rad etilmagan buyurtma ko‘rib chiqilgandan so‘ng 3 ish kunida tijorat bankiga kompensasiya o‘tkazib beradi.
Jamg‘arma tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha kompensasiya ajratishni quyidagi holatlarda to‘xtatadi:
- foiz to‘lovlari kompensasiya qilinadigan kreditdan maqsadsiz foydalanilganda;
- qarz oluvchi to‘lovlar jadvaliga muvofiq bankka to‘lovlarni to‘lash majburiyatlarini 3 oy ichida ketma-ket bajarmaganda;
- qarz oluvchidan kredit summasi va unga hisoblangan foizlar muddatidan oldin undirilganda;
- tijorat banki va qarz oluvchi o‘rtasida kredit shartnomasi bekor qilinganda yoki haqiqiy emas deb topilganda;
- qarz oluvchining bank hisobvarag‘idagi mablag‘lari xatlovga olinganda;
- qarz oluvchining yoki tijorat bankining taqdim etgan hujjatlarida ishonchsiz yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etilganligi aniqlanganda.
Kompensasiya ajratilgan jismoniy shaxsning yangi “yashil” iste’mol krediti bo‘yicha quyidagi hollarda takroran kompensasiya ajratilishi mumkin:
- amaldagi kredit shartnomasi bo‘yicha kredit qarzdorligi to‘liq qaytarilganda;
- “yashil” iste’mol kreditini ajratish to‘g‘risidagi shartnoma bekor qilinganda yoki haqiqiy emas deb topilganda;
- jamg‘arma tomonidan kompensasiya ajratishni to‘xtatish haqida qaror qabul qilinganda.
Izoh: “yashil” iste’mol krediti – quyosh fotoelektr stansiyasi, quyosh suv isitkichlari va shamol elektr stansiyalarini o‘rnatish maqsadlari uchun jismoniy shaxslarga milliy valyutada ajratiladigan kredit.
