Xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasida haqiqiy tenglikka qachon erishiladi?

Statistik ma’lumotlarga qaraganda, o‘tgan yili oliy ta’lim tizimidagi talabalarning 40 foizini xotin-qizlar tashkil etdi. O‘zbekiston ayollar savodxonlik darajasi (99,9 foiz) bo‘yicha dunyo mamlakatlari orasida etakchilardan sanaladi. Ammo bu raqamlarning o‘zi yetarli emas. Bugungi zamonaviy O‘zbekistonning yangi taraqqiyotida har tomonlama faol, tashabbuskor ayollarga katta ehtiyoj bor.
Poytaxtimizda “Xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sohalardagi mavqeini kuchaytirish” mavzusida bo‘lib o‘tayotgan davra suhbatida shu haqda so‘z yuritildi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasining Xotin-qizlar gender tengligini himoya qilish bo‘yicha Komissiyasi, Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda senatorlar, deputatlar, vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi o‘rinbosari Svetlana Ortiqova, YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, elchi Jon MakGregor tadbirning nufuzli mehmoni bo‘ldi.
Muloqotlar avvalida O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlari zarurati haqida atroflicha so‘z yuritildi.
Mamlakatimiz tarixida ilk bor qabul qilingan gender tenglik to‘g‘risida qonun o‘zbek ayollari hayotida nimalarni o‘zgartiradi? Mamlakatda-chi? O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi Sayyora Baratova bu haqda shunday dedi:
– Yangi qonunga ko‘ra, davlat xotin-qizlar va erkaklarga shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni amalga oshirish chog‘ida teng huquqlilikni kafolatlaydi. Xuddi shu kabi kafolat jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarish, saylov jarayonida teng ishtirok etish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, fan, madaniyat, mehnat va ijtimoiy himoya sohalarida, shuningdek, davlat va jamiyat hayotining boshqa sohalarida teng huquq hamda imkoniyatlar ta’minlanishini ham ko‘zda tutadi. Eng muhimi, mazkur qonunning mazmun-mohiyatini butun jamiyatimiz, ayniqsa, erkaklarimiz to‘g‘ri tushunib, to‘liq anglab yetsagina, barcha sohada xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasida haqiqiy tenglikka erishiladi.
Ayolning ijtimoiy-siyosiy faolligida oilaning o‘rni nihoyatda muhim. Chunki u qachonki, oilasi tinch bo‘lsa, hayotidan mamnun, xotirjam bo‘ladi. Shundagina yangi g‘oyalar va yaxshi maqsadlarga tashabbus ko‘rsatadi.
Mamlakatimizda 8,3 milliondan ziyod oilaning 2 milliondan ortig‘i yosh oilalardan iborat. O‘rganishlarga ko‘ra, oilaviy ajrimlarning aksariyati 1 yildan 5 yilgacha birga hayot kechirganlar “hissasi”ga to‘g‘ri keladi. Davra suhbatining oilaviy ajrimlarning oldini olish, oilalar mustahkamligini ta’minlashni samarali tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan qismida shu kabi ma’lumotlar aytib o‘tildi.
Qayd etilishicha, yosh oilalardagi ajrashish sabablari aksariyat hollarda yigit-qizlarning oilaviy hayot, oila muqaddasligi haqida yetarli ko‘nikmalarga ega emasligi bilan bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Shuning uchun davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan “Bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar innovasion maktabi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Hozirda markaz Yoshlar ittifoqi va O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda 116 tuman markazida ana shunday maskanlarni tashkil etdi. Ularga 400 dan ortiq mutaxassis jalb etildi, 6000 dan ortiq kelin-kuyov o‘qitildi.
Oilalar mustahkamligini ta’minlash uchun qanday choralar ko‘rish zarur bo‘layapti? Davra suhbatida ta’kidlanishicha, bu borada avvalo, oila masalalariga oid huquqiy-normativ bazani takomillashtirish lozim. Jumladan, Oila kodeksini inventarizasiyadan o‘tkazish maqsadga muvofiq.
Shuningdek, mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida oilaviy psixologlar tayyorlashga katta ehtiyoj bor.
Ikki kunlik tadbir mobaynida ishtirokchilar xotin-qizlarni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash, ishbilarmon ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan ham o‘zaro fikr-mulohaza almashadi.