Wikipedia 25 yoshda: onlayn ensiklopediyada eng ko‘p o‘qilgan 25 maqola (ro‘yxat)
Wikipedia onlayn ensiklopediyasi faoliyat boshlaganiga 25 yil to‘ldi (2001 yil 15 yanvarda ishga tushirilgan). Shu munosabat bilan Wikimedia fondi loyihaning chorak asrlik tarixida eng ko‘p o‘qilgan ingliz tilidagi maqolalar ro‘yxatini (top-25) taqdim etdi. Reyting Popular Science portalida e’lon qilindi. Garchi ma’lumotlar 2008 yildan keyingi statistikani qamrab olsa-da, foydalanuvchilarning uzoq yillik tanlovlarini aks ettiradi.
Mashhurlarning yillar bo‘yicha o‘limlari ro‘yxati keltirilgan maqola — Wikipediada eng ko‘p ko‘rilgan maqola, uni 647 million martadan ortiq ko‘rishgan. Ikkinchi o‘rinda — AQShga bag‘ishlangan maqola (328 mln marta), uchinchi o‘rinda — Donald Tramp sahifasi (325 mln marta).
Qirolicha Yelizaveta II (253 mln) va Hindiston (210 mln) haqidagi maqola — top-5 da.
O‘ntalikka esa futbol yulduzi Krishtianu Ronaldu, AQSh sobiq prezidenti Barak Obama, milliarder Ilon Mask, Ikkinchi jahon urushi va Buyuk Britaniya haqidagi maqolalar kirdi.
Ikkinchi o‘nlik asosan taniqli shaxslarni o‘z ichiga olgan: Lionel Messi, Maykl Jekson, Adolf Gitler, Eminem, Teylor Svift, The Beatles guruhi va Dueyn Jonson haqidagi maqolalar. Shuningdek, «Taxtlar o‘yini» seriali, Birinchi jahon urushi, AQSh prezidentlari ro‘yxati yigirmatalikda.
So‘nggi beshlik esa quyidagilar: Kanada, «Oskar» mukofoti, Ledi Gaga, Freddi Merkyuri hamda tarixdagi eng kassabop filmlar ro‘yxati.
Wikipediada jami 300 tilda 65 milliondan ortiq maqola mavjud.
