G‘azo bo‘yicha “Tinchlik kengashi” rahbariyati tarkibiga kimlar kiradi?
G‘azo bo‘yicha “Tinchlik kengashi” rahbariyati tarkibiga kimlar kirishi ma’lum bo‘ldi.
Oq uy saytida e’lon qilingan press-relizga ko‘ra, G‘azo sektorida tinchlik o‘rnatish jarayonida muhim rol o‘ynashi kerak bo‘lgan “Tinchlik kengashi” tuzilmasining ijrochi kengashi tarkibiga AQSh davlat kotibi Marko Rubio, prezidentning maxsus vakili Stiv Uitkoff, Donald Trampning kuyovi Jared Kushner, Jahon banki rahbari Ajay Banga, Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler kiradi.
“Tinchlik kengashi” G‘azo sektori bo‘yicha Trampning 20 banddan iborat rejasini amalga oshirishni kafolatlashi kerak. Kengash strategik nazoratni olib boradi, xalqaro resurslarni safarbar qiladi va G‘azo sektori “nizodan tinchlik va taraqqiyotga” o‘tayotgan davrda hisobdorlikni ta’minlaydi. Bu organ raisi sifatida Donald Tramp ko‘rsatilgan.
G‘azo bo‘yicha oliy vakil etib bolgar diplomati Nikolay Mladenov tayinlandi. Oq uyning ma’lum qilishicha, uning vazifasi Falastin texnokrat ma’muriyati hamda “Tinchlik kengashi” o‘rtasidagi hamkorlikni ta’minlashdan iborat bo‘ladi.
Shuningdek, oliy vakil ofisi va texnokrat ma’muriyatni qo‘llab-quvvatlash uchun “G‘azo sektori ijrochi kengashi” ham tuzildi. Unga Mladenov bilan birga Uitkoff, Kushner, Bler, Turkiya TIV rahbari Hoqon Fidan, BAAning xalqaro hamkorlik bo‘yicha davlat vaziri Rim al-Hoshimiy va boshqalar kirdi.
“Tinchlik kengashi” tuzilayotgani haqida 15 falastinlikdan iborat texnokrat ma’muriyat tashkil etilgani e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay ma’lum qilindi. Bu ma’muriyatning vazifasi G‘azo sektorining kundalik hayotini boshqarish bo‘lishi kerak.
14 yanvar kuni prezidentning maxsus elchisi Uitkoff Tramp nomidan G‘azo sektordagi o‘t ochishni to‘xtatishning ikkinchi bosqichiga o‘tish haqida ma’lum qildi. Bu bosqich, boshqa narsalar qatorida, HAMASni qurolsizlantirish va G‘azo sektoriga Falastin polisiyasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida xalqaro barqarorlashtirish kuchlarini joylashtirishni nazarda tutadi.
