Nogironlik nafaqasini «narxlagan» shifokorga sud hukmi o‘qildi
— Yordamga muhtojman. Sog‘ligimni tiklash uchun yetarlicha mablag‘im yo‘q. Nogironlik nafaqasini olishimga ko‘maklashsangiz...
— Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasida yaxshigina tanishlarim bor. Ammo, ularning bari mansabdor. Bilasiz, mansabdorlar «katta og‘iz» bo‘lishadi...
Buxoro viloyati, Qorako‘l tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida uzoq yillardan buyon oila shifokori vazifasida ishlab kelayotgan H.J. qabuliga og‘ir ahvolda kelgan bemordan pul undirish maqsadida qasddan jinoyat sodir etgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tuman sudi raisi Boborahim Ochilovning «Xabar.uz»ga bildirishicha, H.J.ning xatti-harakatlariga sud tomonidan huquqiy baho berilgan.
34 yoshli, oliy ma’lumotli, oilali, uch nafar farzandning onasi bo‘lgan shifokor bemor T.H.ning og‘ir ahvolda ekanini bila turib, uning ishonchi va umididan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalangan. Natijada bemor bir necha oy davomida ushbu idora ostonasida sarson-ovora bo‘lib yurishiga sabab bo‘lgan. Bemorga «poliartrit» kasalligi bo‘yicha nogironlik nafaqasini tanishlari orqali hal qilib berishni va’da qilgan. U o‘z va’dasining bahosini avvaliga 100 AQSh dollari biln o‘lchagan va keyinchalik uni 250 AQSh dollariga «oshirgan».
Shifokor o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, T.H.ga tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasida vakolatli tanishlari borligini aytgan. Go‘yoki, pul, aynan, o‘sha mansabdorlarga uzatilishini ta’kidlab, bemorni ishontirgan. Bemor esa kasalligi, og‘ir moddiy ahvoli va tibbiyot tizimidagi murakkab «tartiblar» oldida ojiz qolgan. U sarsonu-ovoragarliklardan charchab, so‘nggi umid bilan yaqin qarindoshlaridan 100 AQSh dollari topib kelgan. Afsuski, oraadan vaqt o‘tishiga qaramay, hech qanday nafaqa ham, hujjat ham tayyor bo‘lmagan. Yetmaganiga, shifokor T.H.ga nogironlik nafaqasini olish «narxi» vakolatli mansabdor tanishlari orqali 250 AQSh dollariga «ko‘tarilgani»ni bildirgan.
Hafsalasi pir bo‘lib, sabr kosasi to‘lgan bemor huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishga majbur bo‘lgan. T.H.ning arizasi asosida tezkor tadbir uyushtirilgan. Maxsus kimyoviy ishlov bilan belgilangan 250 AQSh dollari T.H.ga berilgan. Shifokor H.J. shaxsiy manfaatini o‘z lavozimi va obro‘yidan ustun kelib, hech qanday shubhalarsiz qabuliga kelgan bemor T.H.dan pulni keltirgan-keltirmaganini talab qilgan. Va shaxsan o‘z ish joyida bemor tomonidan tutqazilgan pullarni «ambulator karta» orasiga joylashtirgan.
Oradan daqiqalar o‘tib, pul bilan birga jinoyat ham fosh etilgan.
Sud-tergov jarayonlarida komissiya a’zolari bu shaxsni, umuman, tanishmasligi, hatto, bemor T.H.ga oid hujjatlar ularga hech qachon kelib tushmagani ochiqlangan. Aybi to‘liq isbotlangan shifokorga sud hukmi o‘qildi. U 3 yilu 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosini oldi. Bundan tashqari, 2 yil muddatga tibbiyot muassasalarida shifokor bo‘lib ishlash huquqidan mahrum qilish jazosiga ham hukm qilindi.
