“O‘zbekkonsert”ning badiiy kengashiga kulaymi yo kuyaymi? Efirda ketayotgan kliplar qaytarilganmish

“O‘zbekkonsert”ning badiiy kengashiga kulaymi yo kuyaymi? Efirda ketayotgan kliplar qaytarilganmish

Kecha, 5 dekabr kuni “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi qoshidagi qo‘shiqlar va ularga ishlangan videokliplar saviyasini baholash Badiiy Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Kengashda 16 nafar xonandalar tomonidan taqdim etilgan videokliplar ko‘rib chiqildi. Bu haqda “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi xabar bermoqda.
 
“Nihol” mukofoti sovrindorlari Iroda Dilrozning  “O‘g‘lim”, Sharof Muqimovning “Qora ko‘zlar”, xonandalar Zilola Musayevaning (Shahzoda) “Men o‘sha”, Otabek Muhammadzohidning “Ona”, Qilichbek Madaliyevning “Sevgi”, Jasur Mavlonovning “Netay” qo‘shiqlariga ishlangan videokliplari muhokama qilinib efirga uzatishga tavsiyalar berildi. “Maroqand” guruhining “Torimning siri”, Elvin Mirzezade va Shaxrizoda Ahmedova bilan ijro etgan “Hasrat” qo‘shiqlariga olingan videokliplariga istisno tariqasida ruxsat berildi.
 
Xonandalar Jahongir Poziljonov va Dilafro‘z Hayitmetovalar ijro etgan “Mehmonim” dueti,  Sevara Yusupovaning (Sevara taxallusi bilan efirga chiqayotgan)  “Uzun yo‘l”, Mahliyo Omonning “Farg‘onadan”, Jahongir Otajanovning “Qaddi baland”, Doston Ubaydullayevning “6-xonadon”, Alisher Zokirovning “Mayli, mayli” qo‘shiqlariga olingan videokliplari muhokama qilinib, ularda ba’zi juz’iy kamchiliklar ko‘zga tashlangani sababli rad etildi.
 
“O‘zbekkonsert”ga hayron qolasan kishi. Buyoqdan nazorat qiladi, narigi tarafdan jilovni birdek tuta olmaydi. Yuqori nomlari keltirilgan kliplar allaqachon internetga va telekanallarga chiqib bo‘lganidan keyin, uni badiiy kengash muhokamasiga qo‘yishdan nima naf? Umuman hayit o‘tgandan keyin xina qo‘yish kimga kerak? Muassasa badiiy kengash faoliyatini qayta ko‘rib chiqsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Qolaversa, mamlakatdan faoliyat yuritayotgan telekanallar, radiolar ham bilan kliplar va qo‘shiqlarni taqdim etish masalasida bir to‘xtamga kelish vaqti yetib keldi. Bunaqada “O‘zbekkonsert”ning obro‘si qoladimi? Ular bir tarafdan kliplarni cheklab tursayu telekanallar bilganini qilaversa...
 
Darvoqe, Jahongir Otajonovning “Qaddi baland” klipini ko‘rdik, kamchilik, ma’naviyatga zid holat ko‘zga tashlanmadi. Klip efirda namoyish etilmoqda. Xo‘sh, bu klipning nimasi badiiy kengash a’zolariga yoqmadi ekan? Yo bu kengashdagilarga “Maroqand” guruhinikidek kurakda turmaydigan qo‘shiqlar va kliplar kerakmi?
 
“O‘zbekkonsert” DM xabarida aytilishicha, xonandalar Badiiy Kengash a’zolari tomonidan rad etilgan videokliplardagi qo‘shiq matni, musiqasi, videoklip dasturi (ssenariysi)ning g‘oyaviy-badiiy saviyasiga alohida e’tibor qaratib, kamchiliklarni bartaraf etib Badiiy Kengashga qayta topshirishlari mumkin.

Qalampir.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!