O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasining faoliyati samaradorligi oshiriladi
O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasining faoliyati samaradorligi oshiriladi. Bu bo‘yicha “O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federasiyasidagi Elchixonasining faoliyati samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasining shtat jadvaliga birinchi kotib – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi vakili qo‘shimcha lavozimi kiritildi.
Quyidagilar Vakilning asosiy vazifalari etib belgilandi:
O‘zbekiston va Rossiya Ichki ishlar vazirliklari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalariga asoslangan holda yaqin hamkorlikni kuchaytirish;
O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida jinoyatchilikka qarshi kurashish va jamoat xavfsizligini ta’minlash masalalarida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muntazam ravishda puxta ishlangan amaliy takliflarni tayyorlash, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash masalalarida xalqaro hamkorlikni kengaytirishga ko‘maklashish;
O‘zbekiston hamda Rossiyaning Ichki ishlar vazirliklari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasida uyushgan jinoyatchilik, terrorizm, ekstremizm, odam savdosi, noqonuniy migrasiya va boshqa turdagi jinoyatlarga qarshi kurashish, ularning fosh etilishiga ko‘maklashish hamda ushbu yo‘nalishlarda tezkor ma’lumot almashinuvini tashkil etish bo‘yicha amaliy hamkorlikni kuchaytirish;
O‘zbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha konsullik funksiyalarini bajarishga ko‘maklashish;
O‘zbekistonning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda jismoniy va yuridik shaxslarning jinoyatchilik, huquqbuzarlik, odam savdosi va noqonuniy migrasiya masalalari bo‘yicha og‘zaki, yozma yoxud elektron shakldagi murojaatlarini qabul qilish hamda ko‘rib chiqish.