O‘zbekistonning Finlyandiyadagi elchisi tayinlandi

O‘zbekistonning Finlyandiyaga yangi tayinlangan elchisi (qarorgohi Riga shahrida joylashgan) Temur Rahmonov ushbu mamlakat Prezidenti Aleksandr Stubbga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Rasmiy tadbirdan so‘ng o‘tkazilgan muloqot chog‘ida O‘zbekiston hamda Finlyandiya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Prezident Aleksandr Stubb O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni fin tomoni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini va ushbu yo‘nalishda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini bildirdi.
Finlyandiya yetakchisi, shuningdek, rasmiy Xelsinki va Toshkent o‘rtasidagi siyosiy muloqot hamda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikning rivojlanib borayotganini yuqori baholab, O‘zbekistonning mintaqadagi muhim o‘rnini qayd etdi va mamlakatimiz bilan siyosiy-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirishdan manfaatdorligini tasdiqladi.
Eslatib o‘tamiz, Timur Rahmonov 2024 yil 13 mart kuni O‘zbekistonning yangi tayinlangan elchisi sifatida Riga shahriga borgan edi. Ushbu lavozimga tayinlanishidan oldin u 2021-2024 yillarda mamlakatimizning Novosibirsk shahridagi bosh konsuli bo‘lib ishlagan.
Timur Rahmonov 2024 yil 17 iyun kuni O‘zbekiston elchisi sifatida Latviya Prezidenti Edgars Rinkevichsga, shuningdek, 2025 yil 11 fevral kuni Litvadagi elchi sifatida (qarorgohi Riga shahrida joylashgan) ushbu davlat Prezidenti Gitanas Nausedaga ishonch yorliqlarini topshirgan.