O‘zbekistonliklarni umraga noqonuniy yuborib kelgan turfirma jarimaga tortildi
Fuqarolarimizning “Umra” tadbirlarini munosib va xavfsiz bajarishlari uchun shart-sharoitlar yaratish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish doirasida “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyati bilan lisenziyasiz tashkil etayotgan tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan tizimli chora-tadbirlar davom etmoqda.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlarda Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida joylashgan “Xurmo travel umra” MCHJ (Saxiy travel) tomonidan fuqarolarga lisenziyasiz “Umra” tadbirini tashkil etib kelgani aniqlandi.
Shuningdek, Surxondaryo viloyati, Denov shahrida “Anor tour” nomi ostida, Toshkent shahri, Chilonzor tumanida “Sokin travel” nomi ostida jismoniy shaxslar tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan “Umra” tadbirini tashkil etib kelgani aniqlandi.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan Qo‘mita tomonidan “Xurmo travel umra” MCHJ (Saxiy travel)ga nisbatan “Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunining tegishli moddalari talablari buzilishi yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan BHMning 200 baravari (75 mln so‘m) jarima qo‘llash bo‘yicha qaror qabul qilindi.
“Anor tour” va “Sokin travel” nomlari ostida ishlab kelgan jismoniy shaxslarning hatti-harakatlari bo‘yicha to‘plangan materiallar tegishli chora ko‘rish yuzasidan huquq tartibot organlariga yuborildi.
Ogoh bo‘ling, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid xizmatlarini lisenziyaga ega bo‘lmagan tadbirkorlik subektlari tomonidan ko‘rsatish taqiqlangan.
Hurmatli fuqarolar, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ziyoratchilarimizni "Umra" amallarini munosib va xavfsiz bajarishlari uchun ogoh bo‘lishlari va keyinchalik turli ko‘ngilsiz holatlarga tushib qolmasliklari maqsadida ishonchli va kafolatlangan xizmatlardan foydalanishlarini tavsiya etadi.