O‘zbekistonlik yigit Rossiyaning eng serdaromad tiktokeri deb topildi

O‘zbekistonlik yigit Rossiyaning eng serdaromad tiktokeri deb topildi

Forbes rus tilida so‘zlashuvchi tiktokchilar daromadlarining birinchi reytingini tuzdi, deb xabar bermoqda Meduza. Buning uchun jurnal 50 ta mashhur TikTok foydalanuvchisi profillarini tahlil qildi va reklama beruvchilar hamda musiqa leybllari 2019 yilning 1 iyulidan 2020 yil 30 iyungacha qancha pul to‘laganligini hisoblab chiqdi.

Birinchi o‘rinni 9,5 million nafar obunachiga ega o‘zbekistonlik 22 yoshli Rahim Abramov egalladi. Forbes hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘tgan yilda uning TikTok’dan olgan daromadi 10,47 rublni tashkil qildi.

Forbes’ning yozishicha, Rahim Abramov O‘zbekistonda tug‘ilgan, 16 yoshida sport maktabida o‘qish uchun Chitaga ko‘chib kelgan. U yerda kompyuterlarga dasturiy ta’minot o‘rnatib pul topgan. O‘qishga kira olmagach, ishlab topgan pullarini sarflab, Moskvaga kelgan va shu yerdagi texnikumga o‘qishga kirgan. Poytaxtga kelgan paytida yonida 10 ming rubl puli bo‘lgan xolos.

Nashrning qayd etishicha, Abramov do‘sti bilan pul ishlash uchun qisqa videolavhalar — vaynlar olishni boshlab, Instagram’dagi loyihaga «Ne majori» deb nom bergan va bir yil ichida 300 mingga yaqin obunachi to‘plagan. Ammo o‘zining dastlabki kattaroq pulini uch yil avval o‘zi mustaqil ravishda video suratga olishni boshlaganda ishlab topgan. Birinchi oyda 100 000 rubl ishlagan. Keyinroq 200 ming rubl yig‘gan va bor puliga kamera sotib olgan.

«Avvallari Instagram’dagi post narxi 600-700 ming rubl atrofida edi. Hozir men faqat shartnomalar asosida yirik loyihalar qilaman, chunki men endi artistman», — degan Rahim Abramov Forbes Digest’ga bergan intervyusida.

Reytingning ikkinchi pog‘onasini tojikistonlik 21 yoshli Dina Sayeva egalladi. Uning 16,4 million nafar obunachilari bor. Yil davomida to‘plagan daromadi esa 4,93 million rublga baholangan.

Undan keyingi o‘rinni Belarusdan bo‘lgan 23 yoshli Aleksey Savko olgan. U 6,5 million nafar obunachiga ega profilidan 4,81 million rubl ishlab topgan.

Ro‘yxatdan o‘rin olgan qolgan tiktokerlar haqida quyidagi havola orqali tanishish mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!