O‘zbekistonlik maktab direktorlari Angliyaning Portsmut universitetida malaka oshiradi

O‘zbekistonlik maktab direktorlari Angliyaning Portsmut universitetida malaka oshiradi

Maktab direktorlari va o‘qituvchilarning bilimi va malakasini oshirib borish uchun zarur imkoniyatlar yaratilmoqda. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan maktab direktorlarining kasbiy rivojlanishini ta’minlash maqsadida “Maktab direktorlari faoliyatini rivojlantirish dasturi” amalga oshirilmoqda.

Dastur doirasida maktablar rahbar kadrlari uchun tanlov tashkil etildi. Uchta shartni o‘z ichiga olgan tanlovda, eng avvalo, nomzodlardan ingliz tilini bilish darajasini tasdiqlovchi hujjat talab etildi. Keyingi shartda nomzodlar o‘zi rahbarlik qilayotgan maktabdagi kamchiliklarni aniq keltirib, ularni tahlil etishda to‘g‘ri yechim ko‘rsatgan holda o‘z fikrlarini yozma ravishda bayon etdi.

Tanlovning uchinchi sharti suhbat tarzida tashkil etilib, maktab direktorlari o‘zi faoliyat olib borayotgan ta’lim muassasasini boshqarish va maktab jamoasi o‘rtasida ijobiy muhitni yaratish borasida fikr-mulohazalarini bildirdi.

Saralash bosqichlari yakunida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mutasaddilari hamda Buyuk Britaniyaning Portsmut universiteti ta’lim tillar va lingvistika bo‘limi boshlig‘i, professor Stiven Korbett ishtirok etdi.

Tanlov shartlari 50 ball miqdoridagi baholash mezonlari asosida baholandi. Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 5 - umumta’lim maktabida tashkil etilgan tanlov yakunida 25 nafar ishtirokchi g‘olib, deb topildi. Ular Angliyaning Portsmut universitetida malaka oshirish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

G‘oliblar orasida Farg‘ona Prezident maktabi direktori Obidxon Mo‘minov ham bor.

— Mazkur tanlov ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va uni mamlakatimizda tatbiq etish imkoniyatini beradi, - deydi O. Mo‘minov. — Bugunning eng dolzarb masalalaridan biri ta’lim menejmentini rivojlantirishdir. 2019 yilda boshlangan bu loyiha shu jihatdan ahamiyatli. Rahbar nafaqat bilimli va tajribali, balki vaqtni to‘g‘ri rejalashtirishi va undan unumli foydalanishi kerak. Qolaversa, rahbarni, eng avvalo, jamoa qo‘llab-quvvatlashi zarur. Mana shu kabi qo‘llab-quvvatlov natijasida bugun g‘oliblar safidan joy oldik.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!