O‘zbekistonlik dasturchilar davlat byudjetiga yordam taklif qilishdi

O‘zbekistonlik dasturchilar davlat byudjetiga yordam taklif qilishdi

O‘zbekistonlik bir qator IT-dasturchilar O‘zbekiston milliy axborot agentligi (O‘zA) uchun ajratilgan 5,4 mlrd. so‘m mablag‘ni davlat byudjetiga qaytarishga yordam berishni taklif qilishgan.

Gap nimada?

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 yil dekabrda O‘zA faoliyatini takomillashtirish haqida qarorni imzolagandi. Shu qarorga asosan yaqinda O‘zAning axborot portalini yaratish va moddiy texnik bazasini mustahkamlash haqidagi hukumat farmoyishi loyihasi muhokamaga qo‘yilgan.

Alisher Tojiyev ismli dasturchi boshchiligidagi bir guruh ko‘ngillilar O‘zA uchun mazkur yangi platformani tekinga qilib berishmoqchi. Evaziga esa ularning xizmatiga ajratilgan pullarni kontrakt pulini to‘lashda qiynalayotgan talabalarga berishni taklif etishgan.

Iqtibos

"Men ko‘p yillik tajribamga tayanib Sizlarni saytingizni yanada takomillashtirib, davlatimiz byudjetiga 5,4 milliard so‘mlik foyda keltirmoqchiman. Saytingizni qilib berishda O‘zbekistondagi eng yuqori malakaga ega bo‘lgan kompaniyalarda ishlaydigan do‘stlarim ham ko‘maklashadi. Faqat bir iltimos bor, shu ajratilgan summaning barchasini homiylik asosida kontrakt pulini to‘lashga qiynalgan talabalarga ajratsangiz", deb yozgan Tojiyev.

O‘xshash holat

Chexiyada yaqindagina shunga o‘xshash holat kuzatilgan. Transport vazirligi shubhali bir tender o‘tkazgan: unda yuqori tezlikda harakatlanish mumkin bo‘lgan pulli avtomagistrallarda yurish uchun elektron ruxsatnomalar sotish servisini yaratish ishi qo‘yilgan edi. Bu boradagi davlat buyurtmasiga ko‘ra, 400 million chex kroni (taxminan 16 million yevro) evaziga internet-do‘kon hamda iOS va Android uchun ikkita ilova yasash kerak bo‘lgan. Buyurtma uchun ochiq konkurs o‘tkazilmagan va bu ish to‘rt yillik shartnoma bilan Asseco Central Europe firmasiga topshirilgan.

Ushbu buyurtma mamlakat dasturchilari orasida norozilikka sabab bo‘lgan — ular davlat xalqning mablag‘ini "ochiqdan-ochiq talon-toroj etyapti", deb hisoblashgan. Actum Digital kompaniyasi sohibi Tomash Vondrachek o‘sha to‘rt yillik deb hisoblangan bu ishni o‘z jamoasi va ko‘ngillilar bilan 3 kunda qilib bergan.

Shundan so‘ng Transport vaziri iste’foga chiqarilgan. Yopiq tenderda g‘alaba qozongan Asseco Central Europe firmasi esa shartnoma buzilgani uchun tovon puli so‘rashdan voz kechgan.

Bu hali loyiha

O‘zA uchun ajratilayotgan pullar hali loyiha xolos, u tasdiqlanishi, o‘zgarishi yoki rad etilishi mumkin. Qolaversa, 5,4 mlrd. so‘m pul faqat sayt uchun ajratilmayapti. Shuni ham hisobga olish kerak.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!