O‘zbekistonda tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar: natijalar va istiqbollar
2023 yil 4 iyul kuni Toshkent shahridagi O‘zbekiston Kinematografiya agentligi “Event Hall” tadbirlar zalida “O‘zbekistonda tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar: natijalar va istiqbollar” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi.
“Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovasiya va ma’rifat” mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda qator xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning ishbilarmon doira vakillari ishtirok etdi.
Haftalik doirasida o‘tkazilayotgan mazkur tadbirdan asosiy maqsad — respublika tog‘-kon sanoatini rivojlantirish istiqbollari va yo‘nalishlari, sohada amalga oshirilgan islohotlar, potensial investisiya imkoniyatlarini namoyish etish hamda xalqaro sanoat hamkorlari va boshqa manfaatdor tomonlar bilan o‘zaro aloqalarni mustahkamlash ishlarini jadal rivojlantirishdan iboratdir.
“O‘zbekistonda tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar: natijalar va istiqbollar”, “Kon-geologiya tizimining bugungi rivojlanish bosqichi va istiqboldagi imkoniyatlar”, “Transformasiya yo‘lida” kabi mavzularida o‘tgan muloqot tadbirida so‘nggi yillarda respublikada olib borilayotgan investision muhitni yaxshilashga doir islohotlar mazmuni va sohadagi keng o‘zgarishlar tahliliga atroflicha to‘xtalib o‘tildi, tadbir ishtirokchilari o‘zlarining qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar oldilar.
O‘zbekiston Respublikasida mineral-xomashyo zaxiralarini o‘stirish istiqbollari, qimmatbaho, rangli va qora metallar, uran va ko‘mir ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda chet el investorlari uchun jozibador investisiya muhitini takomillashtirish va salmoqli investisiya loyihalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari oshib bormoqda.
Yurtimizdagi yer osti boyliklari potensiali katta. Foydali qazilmalarning likvid turlari, shu jumladan oltin, kumush, mis, uran, kaliy, fosforit va kaolinning mineral zaxiralari bo‘yicha O‘zbekiston dunyoning yetakchi mamlakatlari o‘nligiga kiradi.
Dunyodagi eng yirik etalon konlar qatoridan o‘rin olgan Navoiy viloyatidagi Muruntov oltin koni, Olmaliqdagi Qalmoqir mis konlari negizida yiliga 100 tonnadan ortiq oltin, 150 ming tonna mis, 4 ming tonna uran ishlab chiqarish natijasida, O‘zbekiston tog‘-kon va metallurgiya sohasida alohida e’tiborli mamlakatlar qatoridan o‘rin olgan.
Mis klasteri tashabbusi misol sifatida olinadigan bo‘lsa, bunda dastlabki geologiya-qidiruv ishlaridan tortib, ya’ni keyingi 5 yilda 730 tonna oltin va 1,5 mln tonna mis zaxiralarini o‘stirish bilan birga, Olmaliqda yangi topilgan Yoshlik koni negizida 200 mln tonna rudalarni qayta ishlash hisobiga mis mahsuloti ishlab chiqarish xajmini yiliga 500 ming tonnaga yetkazish mega-loyihasi amalga oshirilmoqda.
So‘nggi yillarda keng islohotlar, xususan investisiya qonunchiligi takomillashuvi, kon-geologiya sohasidagi soliq islohotlari, moliya bozorlari liberallashuvi, institusional o‘zgarishlar yuz berdi. Bular o‘z navbatida investorlar uchun kapital va moliyaviy imkoniyatlardan kengroq foydalanish, ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish, investision faoliyatda shaffoflikni oshirishga zamin yaratib, asosiysi ishonch va barqarorlik muhitini vujudga keltirdi.
Mazkur islohotlar va investorlar uchun qulay sharoitlar takomillashuvi misoli sifatida, asosiy foydali qazilmalardan bo‘lgan oltin, kumush, mis va uran qazib olish uchun soliqlar (royalti) 15 foizdan 7 foizga, volfram va boshqa metallar uchun 2,5 foizgacha pasaytirildi.
Bundan tashqari, geologiya-qidiruv ishlarini o‘tkazish bosqichida yer qa’ridan foydalanuvchilar er solig‘idan ozod etilib, zamonaviy texnika va texnologiyalarni olib kirishida bir qator bojxona imtiyozlari taqdim etilmoqda. Bu o‘z navbatida kon-geologiya sohasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar salmog‘ini oshirib, tegishli geologik xizmatlar bozori hamda Junior mayning, ya’ni sohada kichik va o‘rta biznesning keng rivojiga turtki bo‘lmoqda.
Hozirda sohada investisiya dasturi doirasida umumiy qiymati 3,5 mlrd dollardan ziyod loyihalar, xususan oltin bo‘yicha Kanadaning B2Gold va Turkiyaning MTA hamda Calik Holding kompaniyalari, uran bo‘yicha Fransiyaning ORANO va Yaponiyaning JOGMEC korporasiyalari kabi xorijiy hamkorlar bilan istiqbolli loyihalar yo‘lga qo‘yilgani islohotlarning mahsuli sifatida e’tirof etilmoqda.
Shuningdek, yangi investisiyaviy takliflar sifatida joriy yilda shaffof tamoyillar asosida 10 ta strategik qazilma konlari, 40 ta oltin izlovchilar uchun uchastkalar hamda 500 dan ortiq noruda kon va maydonlari elektron auksion orqali tadbirkorlarga taqdim etiladi.
Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasi yangi marralar sari intilmoqda. Soha muloqot va yangi bilimlarni egallash uchun ochiq hamda o‘z faoliyatida ilg‘or tajriba va innovasiyalarni qo‘llashga, hamkorlar bilan yangi ishlanmalarni tadbiq etishga va mamlakat ravnaqi uchun hissa qo‘shishga tayyor va shijoat bilan intiladi.
