O‘zbekistonda ko‘prik va tunnel quruvchilarga lisenziya berish talabi kuchaytiriladi

O‘zbekistonda ko‘prik va tunnel quruvchilarga lisenziya berish talabi kuchaytiriladi

“Shaharsozlik faoliyatida ruxsat berish tartib-taomillarini takomillashtirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston hududida doimiy muassasasi bo‘lgan norezident yuridik shaxslar ham balandliklarda sanoat alpinizmi usullarida ta’mirlash, qurilish-montaj ishlarini bajarish faoliyatini amalga oshirish uchun lisenziya olishlari mumkin. Lisenziya olish uchun murojaat etish muddati 15 kundan 10 kunga qisqartirilmoqda.

Shuningdek, hujjat bilan shaharsozlik sohasidagi ayrim lisenziyalarni olish uchun talablar kuchaytirilmoqda.

Masalan, ko‘priklar va tunnellarni loyihalashtirishda lisenziya olish uchun tashkilot shtati kamida 15 nafar mutaxassisga ega bo‘lishi lozim, shulardan asosiy ish joyi sifatida ishlovchi:

  • direktor;
  • soha bo‘yicha oliy ma’lumotga va loyihalashtirish sohasida kamida 5 yillik ish tajribasiga ega 3 nafar loyiha bosh muhandisi;
  • bosh arxitektor;
  • 2 nafar texnolog;
  • 2 nafar konstruktor.

Lisenziyani, shu jumladan, chet el (doimiy muassasasi mavjud) yuridik shaxslar olishlari mumkin. Ko‘rib chiqish muddati 30 kundan 20 kunga qisqarmoqda.

Shuningdek, quyidagi faoliyat bo‘yicha lisenziyalarni olish uchun talablar kuchayadi:

  • ko‘priklar va tunnellarni qurishga;
  • xavfi yuqori bo‘lgan ob’ektlarni va potensial xavfli ishlab chiqarishlarni loyihalashtirish, qurish hamda ulardan foydalanish bo‘yicha.

Yangi lisenziya talablari 2024 yil 1 martdan kuchga kiradi, unga qadar tegishli lisenziyaga ega tashkilotlar o‘z faoliyatini yangi talablarga muvofiqlashtirishlari lozim.

2024 yil 1 apreldan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tmagan holda qurilgan bino va inshootlardan foydalanish uchun ruxsatnoma berilmaydi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2023 yil 25 noyabrdan kuchga kirdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!