O‘zbekistonda jarima miqdori ijro hujjatida undirilishi belgilangan miqdordan yuqori bo‘lmasligi tasdiqlanmoqda
Bugun, 19 iyun kuni Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda Senat a’zolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari doimiy komissiyalari raislari, qo‘mita huzuridagi ekspertlar guruhi a’zolari, mutasaddi vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Majlisda Senatning navbatdagi yalpi majlis kun tartibiga kiritilishi rejalashtirilgan bir qator muhim masalalar muhokama qilindi.
Dastlab “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida«gi qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunga qadar normativ-huquqiy hujjatlarni va ular loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish qonun bilan emas, balki Adliya vazirligining buyrug‘i bilan tasdiqlangan nizom asosida tartibga solingan.
Bu esa, yetarli samara bermayotgani bilan birga qonunchilik hujjatlarida korrupsiyaviy bo‘shliqlarga zamin yaratmoqda.
Mazkur Qonun yuqorida qayd etilgan muammolarni bartaraf etish bilan birga ushbu sohani tartibga soluvchi yagona qonun sifatida ishlab chiqilgan.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi ekspertizani o‘tkazish nafaqat adliya organlari, balki Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari hamda normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlash zimmasiga yuklatilgan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ham o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, vakolatli organlarning ushbu sohadagi asosiy faoliyat yo‘nalishlari hamda korrupsiyaga qarshi ekspertiza o‘tkaziladigan normativ-huquqiy hujjatlar doirasi aniq belgilanmoqda.
Qonun bilan belgilanayotgan ahamiyatli qoidalaridan biri bu qonunchilik hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazishda jamoatchilik ishtirokining mustahkamlanayotganidir.
Senatorlarning fikricha, ushbu Qonun mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, shuningdek, amaldagi hamda qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning sifati oshishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, majlisda “Ijro hujjatlarini ijro etmaganlik uchun solinadigan ma’muriy jarima miqdorini belgilash tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida«gi Qonun ham muhokama qilindi.
Qonunni qabul qilish uchun qator omillar yuzaga kelgan. Jumladan, amalda undirilishi lozim bo‘lgan qarzdorlik 100 ming so‘m bo‘lsayu, ushbu jarima miqdori o‘z vaqtida to‘lanmasa, Majburiy ijro byurosi tomonidan ushbu summaga nisbatan bir necha marta yuqori jarima belgilanishi mumkin. Bu hol tabiiyki, fuqarolarning to‘lov qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ularning noroziligini keltirib chiqaradi.
Shu bilan birga, belgilangan jarimalarni o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun bugungi kunda barcha ijrochilarga ma’muriy jarimaga tortish vakolati mavjud. Bu holatlar ham turli suiiste’molchilik va aholi noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
Ushbu Qonun bilan MJtKning 1981-moddasiga jarimaning miqdori ijro hujjatida undirilishi belgilangan summadan yuqori bo‘lishi mumkin emasligi haqida norma kiritilmoqda.
Eng asosiysi, MJtKning tegishli moddalarida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga hamda ma’muriy jazo qo‘llashga vakolatli bo‘lgan shaxslar doirasi qisqartirilib, O‘zbekiston Respublikasining Bosh davlat ijrochisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining bosh davlat ijrochilari, ularning o‘rinbosarlari, shuningdek Majburiy ijro byurosining tuman (shahar) bo‘limlari boshliqlari haqli ekanligi to‘g‘risidagi o‘zgartirish kiritilmoqda.
Senatorlar tomonidan qayd etilishicha, mazkur Qonun mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklari ishonchli himoya qilinishini ta’minlash bilan birga jarimalarni to‘lashda ularga yengilliklar berilishiga xizmat qiladi.
Muhokamalar natijasida kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan Qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilinib, mas’ul tashkilot va idoralarga tegishli vazifa va tavsiyalar berildi.
