O‘zbekistonda elektrotexnika sanoatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash uchun 100 mln dollar yo‘naltiriladi

O‘zbekistonda elektrotexnika sanoatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash uchun 100 mln dollar yo‘naltiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 noyabr kuni o‘tkazgan yig‘ilishda elektrotexnika sanoatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Davlat rahbari matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, so‘nggi olti yilda bu sohada 640 million dollarlik 224 ta loyiha ishga tushirilgan. Bu yil yakunida eksport 1 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, O‘zbekistonga yiliga 800 mln dollarlik elektrotexnika tovarlari import bo‘lmoqda. Umuman olganda, mintaqamizda 3 mlrd dollarlik bozor bor.

«Bunda munosib o‘rin egallash uchun nufuzli brendlar bilan hamkorlik o‘rnatib, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish zarurligi qayd etildi. Kelgusi yilga mo‘ljallangan 2 mlrd dollarlik 141 ta loyihada bunga alohida e’tibor qaratiladi», — deyiladi xabarda.

2023 yilda 2 gigavatt, 2024 yilda yana 4 gigavatt quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushiriladi. Ularga juda ko‘p kabel, generator, invertor, transformatorlar zarur. Bu mahsulotlarni mahalliylashtirib, xalqaro sifat sertifikatlari olish vazifasi qo‘yildi.

Shavkat Mirziyoyev sohada ilg‘or texnologiya, innovasiya va xalqaro standartlarni joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash uchun 100 mln dollar yo‘naltirilishini ma’lum qildi.

Mutasaddilar kelgusi yilda ishlab chiqarishni 20 foizga oshirish, misni qayta ishlash hajmini 140 ming tonnaga olib chiqish rejalarini bayon etdi. Shuningdek, eksportni 1,5 milliard dollarga, 2025 yilda 2 milliard dollarga yetkazish imkoniyati borligi qayd etildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!