O‘zbekiston va Xitoy: harbiy matbuot hamkorligi istiqbollari o‘rganildi

O‘zbekiston va Xitoy: harbiy matbuot hamkorligi istiqbollari o‘rganildi

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti boshlig‘i podpolkovnik Bahrom Zulfiqorov rahbarligidagi harbiy delegasiya Xitoy Xalq Respublikasiga (XXR) xizmat safarida bo‘lib qaytdi.

Bundan asosiy maqsad dunyoning rivojlangan davlatidagi harbiy matbuot faoliyatini o‘rganish va o‘zaro tajriba almashish bo‘ldi.

Safar davomida delegasiya a’zolari Xitoy Xalq Respublikasi Mudofaa vazirligi xalqaro harbiy hamkorlik kanselyariyasi boshlig‘i general-mayor Si Govey, mudofaa vazirining matbuot kotibi – vazirlik axborot departamenti boshlig‘i katta polkovnik U Syan bilan uchrashuvlar o‘tkazishdi.

Xitoy Mudofaa vazirligida o‘tgan tadbirlar davomida ikki mamlakat mudofaa idoralari orasidagi harbiy hamkorlikning bugungi holati, shuningdek, axborot sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, ularning o‘ziga xos, o‘xshash va farqli jihatlari, media mahsulotlarini tayyorlash jarayonlari haqida fikr almashindi.

O‘zbekiston harbiy delegasiyasi Xitoy Xalq Respublikasi harbiy matbuoti faoliyati bilan yaxshiroq tanishish maqsadida Xitoy Xalq-ozodlik armiyasi ommaviy axborot vositalari markazining teleradio eshittirishlari bo‘limida bo‘ldi. Mehmonlarga markazning texnik imkoniyatlari namoyish etildi. 

Dunyoning mashhur va boy tarixiga ega nashrlardan biri “Jenmin jibao” gazetasidir. O‘zbekistonlik harbiylar Xitoy Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining nashri hisoblanuvchi aynan shu gazeta tahririyatiga ham taklif etildi. Tahririyatning siyosat bo‘limi boshlig‘i va harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishiga ixtisoslashgan muxbirlar bilan suhbatda materiallarni bosma va elektron ko‘rinishdagi gazetaga chop etish jarayonlari haqidagi ma’lumotlar yetkazildi.

Xitoy xalq universitetining jurnalistika fakultetiga tashrif esa harbiy matbuot sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha tajriba almashish uchun muhim ahamiyat kasb etdi. 

To‘lqin JUMANAZAROV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy

kommunikasiyalar departamenti

 

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!