Uyquda qotillik qilish mumkinmi?
Bu haqida ruhshunos Shoira Isoqova shunday deydi: Oyparastlik somnambulizm asab tizimi kasalliklaridan biri bo‘lib, bu dard bilan og‘rigan insonlar uyqu holatida turli harakatlarni amalga oshiradi. Psixoterapiyada u uyquning buzilishi sifatida tavsiflanadi. Jarayon chuqur uyqu fazasidan to‘liq uyg‘onilmagan paytda sodir bo‘ladi. Bu o‘ttiz soniyadan o‘ttiz daqiqagacha, kamdan-kam paytlarda esa bir necha soatgacha cho‘zilishi mumkin. Kasal aksar hollarda uyquda qilgan ishlarini, ularning sababini eslay olmaydi. Mazkur dard omillari hozircha fanga noma’lum. Bu to‘g‘rida turli taxminlar mavjud, xolos. Tabiiyki davolash usullari ham bir-biridan farqlanadigan yo‘nalishlarga bo‘linadi. Tibbiyotda hali ularning birortasi muammoning to‘liq yechimi sifatida tan olinmagan.
Odatda oyparastlik bilan og‘rigan inson beozor harakatlarni amalga oshiradi. Masalan, o‘rindan turish, xona bo‘ylab yurish. Ammo shifokorlar oyparastlikda ko‘plab elementlardan tashkil topadigan murakkab harakatlar bajarilganining ham guvohi bo‘lgan. Masalan xonani yig‘ishtirish, ovqat pishirish, choy damlash, mashina haydash, tushda ko‘rayotgan narsalarni ushlash kabilar. Bu harakatlar inson hayotda amalga oshiradigan odatiy ishlardan tashqariga chiqmaydi.
Ba’zan oyparast o‘zi va atrofdagilar sog‘ligi va hayoti uchun xavfli harakatlarni ham amalga oshirishi o‘zini qo‘pol va vahshiylarcha tutishi, binolar tomiga chiqib yurishi mumkin.
Shuningdek, psixikasi hali yaxshi rivojlanmagan, ta’sirchan voyaga yetmagan yoshlar ong ostida mustahkam o‘rnashgan video o‘yinlar, filmlardagi sahnalarini somnambulizm holatida takrorlashi ehtimoli bor.
Aziz ota-onalar, agar farzandingizda ushbu kasallik belgilaridan birortasini sezsangiz, darrov mutaxassis shifokorga murojaat qilishigiz shart va bu juda ko‘p noxush holatlarning oldini olishda omil bo‘ladi.
Manba: azon.uz