Uy-joy sotib olish uchun ajratilgan kreditlar hajmi qisqardi
Markaziy bankning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda ipoteka krediti bozori qisqarishda davom etmoqda.
2024 yilning yanvar-sentyabr oylarida jami 11,73 trln. so‘mlik ipoteka kreditlari ajratildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 490,3 mlrd. so‘mga yoki 4,1 foizga kam.
Yangi qurilgan uy-joylarni sotib olish uchun ipoteka hajmi 7,08 trln. so‘mdan 7,16 trln. so‘mga biroz oshgan. Ikkilamchi uy-joylar uchun esa 5,14 trln. so‘mdan 4,57 trln. so‘mga kamaydi.
Ko‘rsatkichning pasayishi barcha manbalar: Iqtisodiyot va moliya vazirligi (-189,8 mlrd. so‘m), banklarning o‘z mablag‘lari (-222 mlrd. so‘m) va Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi (-78,5 mlrd. so‘m) hisobidan moliyalashtirishni qisqartirish hisobiga yuz berdi.
Ayniqsa, ushbu xizmatning asosiy bozorlari hisoblangan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ipoteka krediti hajmining qisqarishi sezilarli darajada kuzatilmoqda. Poytaxtda berilgan ipoteka kreditlari hajmi 3,76 trln. so‘mdan 3,5 trln. so‘mgacha (-6 foiz), Toshkent viloyatida esa 960,5 mlrd. so‘mdan 648,7 mlrd. so‘mgacha (-32,5 foiz) qisqardi.
Endilikda, Toshkentdan keyin ikkinchi yirik ipoteka bozori Samarqand viloyatiga aylandi, u yerda aholi 1,02 trln. ipoteka kreditlarini oldi. Keyingi o‘rinlarda 1,01 trln. so‘m bilan Farg‘ona viloyati, 834,7 mlrd. so‘m bilan Andijon viloyati va 748,8 mlrd. so‘m bilan Navoiy viloyati turadi.
Ipoteka krediti oluvchilar soni ham 10 653 kishiga (53 443 nafardan 42 790 nafarga (deyarli 20 foizga)) kamaydi. Shu bilan birga, o‘rtacha kredit miqdori 228,6 mln. so‘mdan 274 mln. so‘mga yoki 19,9 foizga oshdi.
Davlat dasturi doirasida ipoteka foiz stavkasi o‘zgarmadi — 17,5 foiz. Ammo banklar o‘z kreditlari uchun stavkalarni 23,8 foizdan 25 foizga oshirdi.
Yana bir ma’lumot, 18−30 yoshlilar orasida ipoteka krediti oluvchilar soni 10 333 tadan 11 601 tagacha ko‘paydi, ularning ulushi esa 19 foizdan 27 foizga oshdi. Buning fonida o‘rta yoshlilar (31−50 yosh) ulushi 69 foizdan 65 foizgacha, shuningdek, katta yoshdagilar (50 yoshdan oshgan) ulushi 12 foizdan 8 foizgacha kamaydi.