Ukraina prezidenti G‘arb ommaviy axborot vositalarini maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilishda aybladi
Volodimir Zelenskiy Ukraina “G‘alaba rejasi”ning maxfiy qismida uzoq masofali Tomahawk qanotli raketalarini so‘raganini tasdiqladi.
"Ommaviy axborot vositalarida hozir nima bo‘layotganini ko‘ryapsiz, ular Ukraina Tomahawk va shunga o‘xshash raketalarni olishni xohlayotganini ma’lum qilishdi. Ammo bu Kiyev va Oq uy o‘rtasidagi maxfiy ma’lumot edi. Bunday xabarlarni qanday tushunish mumkin? Bu hamkorlar o‘rtasida hech qanday maxfiy narsa yo‘qligini anglatadi", — dedi Ukraina prezidenti.
Bundan tashqari, Zelenskiy Ukraina Kursk atom elektr stansiyasini egallab olishi mumkinligini, ammo bunday harakat rejalarida yo‘qligini aytdi.
"Rossiya o‘zini “juda kuchli” deb hisoblaydi, lekin agar biz ularning atom elektr stansiyasini egallab olmoqchi bo‘lsak, buni qilgan bo‘lardik. Biz Kursk AESni bosib olishimiz mumkin edi, lekin biz hech qachon buni xohlamaganmiz", — dedi Ukraina yetakchisi.
Zelenskiy G‘arbning qog‘ozda ko‘rsatilayotgan yordam ko‘lami amaldagidan judayam farqli ekanligini bildirdi.
"Ukraina 2024 yilda AQSh Kongressi tomonidan ajratilgan yordam paketining atigi 10 foizini olgan. Muammo yordam ajratilishida emas, balki byurokratiya va logistikada“, — deya aniqlik kiritdi Zelenskiy
Ukraina prezidenti, shuningdek, yaqinda Gruziya va Moldovada bo‘lib o‘tgan saylovlarga ham izoh berdi
"Rossiya Gruziyadagi saylovda g‘alaba qozondi. Ular gruziyaliklarning erkinligini tortib olishdi. Moldovaga kelsak, afsuski ular Tbilisi bilan bir xil yo‘nalishda ketishmoqda", — deya ta’kidladi Ukraina rahbari.