O‘g‘il bolaning siydigi najosat emasmi?
Ba’zan “Ko‘krakdan ajratilmagan o‘g‘il bolaning siydigi najosat emas” degan gaplar quloqqa chalinib qoladi. Qiz bolalar haqida esa bunday gap yo‘q. Xo‘sh, bu gapning asli bormi?
Jumhur ulamolar nazdida siydik najosat hisoblanadi. Umumiy qoida shuki, najosat ketkazilsa, shundagina kiyim poklangan hisoblanadi. Bu borada faqihlar o‘rtasida turli qarashlar mavjud.
Hanafiy va molikiy mazhabida go‘dakning (xoh o‘g‘il, xoh qiz bo‘lsin) siydigi, u ko‘krakdan ajratilgan yoki ajratilmaganidan qat’i nazar, xuddi katta odamlarniki kabi najosat bo‘lib, uni yuvib tashlash vojib hisoblanadi. Shofe’iy va hanbaliylarda ham qiz bolaning siydigi borasida hukm shunday – ko‘krakdan ajratilgan yo ajratilmaganidan qat’i nazar – uni yuvish vojib. Ammo ko‘krakdan ajratilmagan o‘g‘il bolaning siydigini yuvish shart emas, suv quyishning o‘zi kifoya. Qachon bola ko‘krakdan ajraganida, ana shundan boshlab uning siydigini najosat deb hukm qilishadi.
“O‘g‘il bolaning siydigi yuviladimi?” degan masalada “I’lamul anam sharhu Bulug‘il marom” asarida quyidagilar keltirilgan: “Ummu Qays binti Mihson roziyallohu anho hali ovqatga kirmagan, emizikli bolasin ko‘tarib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga keldi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bolani quchoqlariga oldilar. Bola u zotning kiyimlariga siyib qo‘ydi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi va sallam suv keltirishni so‘radilar va o‘sha yerga suvni quydilar, xolos, yuvganlari yo‘q” (Muttafaqun alayh). Imom Muslimning rivoyatida “Uni ishqab yuvmadilar” deyilgan.
Abu Samh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Joriya (go‘dak qiz)ning bavli (tekkan narsa) yuviladi, g‘ulom (go‘dak bola)ning bavliga (suv) sepiladi ”(Imom Abu Dovud va Imom Nasoiy rivoyati).
Ushbu hadislar o‘g‘il bolaning siydigi tekkan kiyimga suv sepish, qiz bolaniki tekkanida esa uni yuvish bilan poklanishiga dalolat qiladi. Chunki o‘g‘il bolaning siydigi tomchi-tomchi bo‘lib, kiyimga yoyilib ketadi (sachraydi), qiz bolaniki esa oqib tushadi. Shofe’iy va hanbaliylar aynan mana shu yo‘lni, ya’ni o‘g‘il bolaning bavliga suv sepish, qiz bolanikini yuvish qavlini ixtiyor qilishgan. Ular bu o‘rinda bolaning taomga kirmagan bo‘lishini shart qilishadi. Agarda bola taom bilan oziqlanadigan bo‘lsa, u holda uniki ham, qiz bolaniki ham yuviladi.
Hanafiy va molikiylarning dalili esa “Najosatdan poklash uni ketkazish bilan bo‘ladi” qoidasidir. Hadisdagi “sepish” va “quyish” – ular (hanafiy va molikiylar)ning sharhlariga ko‘ra – najosatni ketkazmaydi. Uni yuvish lozim. Ular hadisdagi “sepish” va “quyish”ni yuvishda mubolag‘a qilmaslik ma’nosiga yo‘yishadi.
Yuqoridagilar haqida mulohaza qilib ko‘rilsa, quyidagilar ravshan bo‘ladi:
- go‘dakning siydigi najosat ekaniga barcha ittifoq qilgan. Ixtilof uni qanday poklash borasida, xolos;
- mazkur mavzudagi hadislarning aksariyati “quyish”, faqat ba’zilarigina “sepish” va “oqizish” lafzlari bilan kelgan. Bu rivoyatning aslida “nazh”, ya’ni “quyish” bo‘lib, qolganlari o‘sha ma’noda rivoyat qilinganini bildiradi;
- nazh bu (najosat tekkan narsaning ustidan) suvni ishqamasdan va uqalamasdan yengil yurgizishdir. Yuvish esa ishqash va siqish bilan bo‘ladi”. Bu ma’noga “oqizish” lafzi bilan qilingan rivoyat “sepish” lafziga nisbatan yaqinroq bo‘ladi. O‘z mazhablaridan ta’sirlangan shofe’iylar “nazh”, ya’ni “quyish”ni “rosh” – “sepish” deb sharhlashgan;
- hadisda zikr qilingan o‘sha uch-to‘rt oylik (dan oshmagan) bolaning siydigi, voqelikda oz bo‘lib, matoga tomchi-tomchi ko‘rinishida yoyilib ketadi. Uni ketkazish uchun o‘sha yerga suv quyish kifoya qilgan;
- ovqatga kirmagan go‘dakning siydigini yengil najosat hukmi bilan xoslash uchun birorta nass (dalil) sobit emas. Ibn Hibbon keltirgan Qatodaning qavli esa hujjat bo‘la olmaydi. Chunki u tobeinning so‘zidir. Shuningdek, Abdurazzoq Ummu Qaysning hadisi ostida keltirgan Zuhriyning: “O‘g‘il bolaning siydigiga suv quyish, qiz bolanikini yuvish sunnat bo‘lib qoldi”, degan so‘zi dalillikka yaramaydi. Chunki bu gap uning ijtihodi, xolos. Imom Molik “Muvatto”da Ummu Qays va Oisha roziyallohu anholarning hadislarini rivoyat qilgan bo‘lsa-da, bolaning siydigini yuvish – vojib, degan qavlga amal qilgan. Yuvish Madina ahlining amalidan ekani ham shunga dalolat qiladi.
Imom Xattobiy rahimahulloh “Ma’alimus-sunan”da aytadi: “Bu o‘rinda “nazh”ning ma’nosi yuvish bo‘lib, faqat unda ishqash va uqalash yo‘q. Nazh aslida oqizishdir. Ammo joriya (go‘dak qiz)ning siydigi yuviladi. Bu komil yuvish bo‘lib, unda qo‘l bilan ishqalab, so‘ng siqiladi. Gohida nazh – “rosh”, ya’ni sepish ma’nosida ham keladi. Bolaning siydigida nazh, ya’ni suv oqizilishi uning siydigi najosat bo‘lmaganidan emas, balki uni oson chiqib ketishi e’tiboridandir”.
Izlanishlar shuni ko‘rsatadiki, albatta, ijmo qilingan asl qoidaga ko‘ra, hanafiy va molikiylarning tutgan yo‘li, ya’ni yuvish afzaldir. Chunki go‘dakning siydigi libosga tomchi-tomchi bo‘lib tekkani sababli uni ishqash, uqalash, siqish kabi ortiqcha mubolag‘aga ehtiyoj tug‘ilmasa-da, yuvish eng maqbul ish hisoblanadi.
Demak, “o‘g‘il bolaning siydigi najosat emas” degan gap noto‘g‘ri ekan.
“Fayzul boriy ala Sahiyhil Buxoriy” va “I’lamul anam sharhu Bulug‘il marom” asarlari asosida Azizbek XOLNAZAROV tayyorladi
