To‘tiqush yodlagan duoni yodlay olmaysizmi?

To‘tiqush yodlagan duoni yodlay olmaysizmi?

Yosh talabalik davrimda o‘qigan edim.  

Abu Hafs Kabir rahimahulloh buyuk mujtahid imom Muhammad rahmatullohi alayhning shogirdi bo‘lib, Movarounnahrga, ya’ni bizning diyorlarga hanafiy mazhabini keltirgan alloma zotdir. 

Abu Hafs Kabir rahimahulloh juda ko‘p masalalar yechimiga fatvo bergan olim bo‘lib, shu zot safar oldidan bir kimsaning  "Qunut duosini bilmagan kimsa nima o‘qiydi?"  degan savoliga "Allohummag‘firliy duosini oxirigacha o‘qiydi", deya javob berdi. Safar asnosida esa arab yurtlaridan birida to‘tiqushning  "Qunut duosi" ni burro qilib o‘qiyotganini eshitib qoldi. 

Safardan qaytgach  "Qunut duosini bilmagan kimsa Allohummag‘firliy duosini oxirigacha o‘qisin, degan edim, endi u gapimdan qaytdim.  Aqlsiz bir qush yodlay olgan duoni aqlli inson albatta yodlay oladi. Kim qunut duosini bilmasa qat’iy kirishib yod olsin",  degan ekan. 

Yuzlab huda-behuda narsalarni yoddan bilamiz. Butun-butun futbol jamoalaridagi o‘yinchilarning ismi-yu tarjimai holini,  bokschilarning qachon va kim bilan urishgani hamda "yulduzlar" haqidagi shaxsiy ma’lumotlarigacha yodlab olganmiz.  Bir-birimizni bu haqida tortishib yengamiz ham. 

Ammo Alloh taolo Robbimizga bo‘ladigan eng ulug‘ ibodat bo‘lmish namoz asnosidagi eng buyuk iltijo bo‘lmish qunut duosini yodlashga erinamiz. Bahonalar topamiz. 
Rostdan ham yod olish qiyin bo‘lganlarimiz uzrlilar va ular to yod olishgunicha faqihlarimiz tavsiya etgan duolarni o‘qib turishadi. Ammo qolganlarimiz qunut duosini yod olishimiz lozim.
Qunut duosi

«Allohumma innaa nasta’iynuka va nastag‘firuka. Va nu’minu bika va natavakkalu alayka. Va nusniy alaykal xoyro kullahu. Nashkuruka va laa nakfuruk. Va naxla’u va natruku man yafjuruk. Allohumma iyyaaka na’budu va laka nusolliy va nasjudu va ilayka nas’aa va nahfidu. Narjuu rohmataka va naxshaa azaabaka. Inna azaabaka bil kuffaari mulhiq».

Duoning ma’nosi: «Allohim, albatta, biz Sendan yordam so‘raymiz, Senga istig‘for aytamiz va Senga iymon keltiramiz, Senga tavakkul qilamiz va Senga shukr keltiramiz, kufr keltirmaymiz. Kim Senga fojirlik qilsa, uni ajratamiz va tark qilamiz. Allohim, Sengagina ibodat qilamiz, Sengagina namoz o‘qiymiz va sajda qilamiz, Sengagina intilamiz va shoshilamiz. Sening rahmatingni umid qilamiz va azobingdan qo‘rqamiz. Albatta, Sening haq azobing kofirlarga yetguvchidir». 

Sunnatulloh Abdulbosit


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!