Turkiyzabon davlatlar vakillari Budapeshtda Navro‘z bayramini nishonladi

Turkiyzabon davlatlar vakillari Budapeshtda Navro‘z bayramini nishonladi

Budapesht shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) Vengriyadagi vakolatxonasi tadbirlar uyi — "Ibl-Villa"da TDTga a’zo davlatlar elchixonalari bilan hamkorlikda Navro‘z bayramiga bag‘ishlagan tadbir tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda TDTga a’zo davlatlar – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Ozarbayjon elchilari, Vengriya vazirlik va idoralari, universitetlari, ilmiy-ekspert doira hamda jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi.

Navro‘z bayrami tantanalarining ochilish marosimida TDTning Vengriyadagi vakolatxonasi ijrochi direktori, Vengriya Fanlar akademiyasi akademigi, elchi Ishtvan Vashari so‘zga chiqib, ishtirokchilarni bahor va yangilanish ayyomi – Navro‘zi olam bilan samimiy qutladi. U Navro‘z bayrami butun dunyo tarixi va xalqlar madaniyatiga chuqur singib ketgan boy an’ana hamda azaliy qadriyatlar timsoli sifatida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

"Navro‘z ayyomi nafaqat turkiy dunyoda balki do‘st Vengriya xalqi tomonidan ham qadrlanadigan bag‘rikenglik, o‘zaro tushunish va madaniy an’ana va qadriyatlarni hurmat qilish bayrami sifatida nishonlanadi. Turkiy xalqlar va Vengriya o‘rtasida tarixdan mustahkam do‘stlik rishtalari shakllangan va hozirgi kunda keng miqyosda strategik hamkorlik darajasida faol rivojlanib bormoqda", dedi Ishtvan Vashari.

TDTning Vengriyadagi vakolatxonasi ijrochi direktori elchilar bilan suhbat chog‘ida turkiy mamlakatlar va Vengriya o‘rtasida yanada yaqin hamkorlik o‘rnatish va xalqlarimiz o‘rtasida do‘stona muloqotni yanada mustahkamlash bo‘yicha birgalikdagi harakatlarni kuchaytirishga e’tibor qaratdi. U, shuningdek, TDTga a’zo mamlakatlar bilan Vengriya va Yevropa Ittifoqi davlatlari va YEI tuzilmalari o‘rtasida ustuvor jabhalarda keng qamrovli hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berdi.

Tadbir davomida TDT a’zo davlatlar san’at ustalari tomonidan milliy kuy va qo‘shiqlar ijro etildi. Jumladan, O‘zbekistondan kelgan "Nihol" mukofoti sovrindori Vohidjon Isoqov va o‘zbek milliy raqs guruhi tomonidan taqdim etilgan madaniy dastur barcha ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!