Turkiya keng qamrovli madaniyat va san’at tadbiri bo‘lgan Turkiya madaniyat yo‘li festivallariga tayyorlanmoqda

Turkiya keng qamrovli madaniyat va san’at tadbiri bo‘lgan Turkiya madaniyat yo‘li festivallariga tayyorlanmoqda

Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan tashkil qilingan “Turkiya madaniyat yo‘li festivallari” har qachongidan ham keng qamrovli tadbirlari bilan tez kunlarda mamlakatning beshta shahrida boshlanadi.

16 sentyabrdan 23 oktyabrga qadar Istanbul, Anqara, Chanoqqal’a, Diyarbakir va Konya shaharlarida bo‘lib o‘tadigan festivallarga dunyoning turli davlatlaridan ko‘plab sayyohlarning kelishi kutilmoqda.

O‘tgan yili ilk marotaba Beyo‘g‘lu Madaniyat yo‘li festivali nomi bilan tashkil etilgan va bu yil Anqara Madaniyat yo‘li tadbirlari bilan kengaytirilgan Turkiya Madaniyat yo‘li festivallari bu safar 5 viloyatda yanada keng qamrovli tadbirlari bilan Turkiyaning madaniyat va san’at sohasidagi imkoniyatlarini namoyish etadi.

15 000 ga yaqin san’atkor ishtirok etadigan festivallar doirasida san’at, kino, adabiyot, raqs, musiqa va raqamli san’at kabi 3000 dan ortiq turli tadbirlarning o‘tkazilishi kutilmoqda.

Mazkur festivallar xususida so‘z yuritgan Turkiya Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy mamlakatning madaniy merosini dunyo ommasiga olib chiqish maqsadida tashkil etilayotgan Turkiya madaniyat yo‘li festivallari orqali Turkiya shaharlaridagi madaniy yo‘nalishlarni rivojlantiribgina qolmay, balki madaniyat va san’atni hamma uchun ochiq holga keltirishni maqsad qilganliklarini ta’kidladi.

Ersoy: “O‘tgan yili Beyo‘g‘lu madaniyat yo‘li festivalini o‘tkazish bilan boshlagan tashabbusimizni bu safar besh viloyatda juda keng qamrovli tadbirlarni tashkillashtirish orqali yanada keng auditoriyada davom ettiramiz”, — dedi.

Troya madaniyat yo‘li festivali

16-25 sentyabr kunlari Chanoqqal’a shahrida bo‘lib o‘tadigan Troya madaniyat yo‘li festivali ko‘rgazmalar, konsertlar, uchrashuv va suhbatlar hamda mahorat darslaridan iborat 100 dan ortiq tadbirni o‘z ichiga oladi. Festival davomida 1000 dan ortiq san’atkor shaharning 40 dan ortiq maydonlarida o‘z chiqishlarini namoyish qiladi.

Istanbul va Ankaradagi festivallar

Beyog‘lu va Anqara madaniyat yo‘li festivallari 1-23 oktyabr kunlari bir vaqtning o‘zida o‘tkaziladi. Beyog‘lu Madaniyat yo‘li festivali doirasida tashkil etiladigan 46 sahnada 6000 dan ortiq san’atkor chiqish qiladi.

Anqara Madaniyat yo‘li doirasida Ulus mahallasidagi 5,7 kilometrlik yo‘l bo‘ylab tashkil etiladigan 70 ga yaqin sahnada 5000 ga yaqin san’atkor ishtirokida 500 dan ortiq tadbir bo‘lib o‘tadi.

Diyorbakirda 500 ta tadbir o‘tkaziladi

8-16 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Sur madaniyat yo‘li festivali doirasida tashkillashtiriladigan 500 ga yaqin tadbir davomida 2000 dan ortiq san’atkor Diyarbakirning madanat va san’at sohasidagi tajriba va an’analarini namoyish qiladi.

Tasavvuf musiqasi uchrashadigan joy – Konya

Turkiya madaniyat yo‘li festivallari ro‘yxatiga kiritilgan 19-Xalqaro Konya tasavvufiy musiqa festivali ham san’at ixlosmandlarini o‘ziga jalb qiladi.

Mavlono Jaloliddin Rumiy tavalludining 815 yilligi munosabati bilan 22-30 sentyabr kunlari o‘tkaziladigan festivalga Turkiya, Ispaniya, Misr, Ozarbayjon, Germaniya, O‘zbekiston, Hindiston va Erondan ko‘plab musiqachilar taklif etilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!