Turkiy davlatlarning yangi bayrog‘ida nimalar tasvirlangan?
Bishkekda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar davlat rahbarlari sammitida tuzilmaning yangi bayrog‘i qabul qilindi. Unda Saljuqiylar yulduzi yoki o‘g‘uzlar yulduzi nomi bilan mashhur sakkiz qirrali yulduz eski bayroqdagi oy, yulduz va quyosh tasvirlarini o‘z ichiga olgan.
6 noyabr kuni Bishkekda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar davlat rahbarlarining 11-sammitida tuzilmaning yangi bayrog‘i tasdiqlandi.
“Ushbu bayroq TDT missiyasida markaziy o‘rin tutgan turkiy o‘zlik, birlik, umumiy meros va keng qamrovli hamkorlikning asosiy ramzlarini o‘zida mujassam etgan”, — deyiladi tashkilot bayonotida.
Bayroqni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Tokayev va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov tasdiqladi.
Sakkiz qirrali yulduz Saljuqiylar va Usmoniylar mamlakatining asosiy ramzlaridan biri bo‘lib, tangalar, bezaklar va me’morchilikda keng qo‘llanilgan. Uning islom dini bilan ham bevosita aloqasi mavjud.