Trampning maktubi Eronga yetib bormadi

Eron AQSh prezidenti Donald Trampning yadro dasturini muhokama qilish taklifi bo‘yicha xat olgani haqidagi da’vosini rad etdi . Eronning Nyu-Yorkdagi BMTdagi doimiy vakolatxonasi Tehron Vashingtondan hech qanday xabar olmaganini aytdi.
Avvalroq Tramp Fox Business Network telekanaliga bergan intervyusida Eron oliy rahbari Ali Xomanaiyga muzokaralar o‘tkazishga chaqiruvchi maktub yo‘llaganini aytgandi. Unga ko‘ra, Eronga yo muloqotga kirishish yoki AQSh tomonidan harbiy bosimga duchor bo‘lish taklif qilingan.
Biroq Tehronda bu so‘zlar ishonchsizlik bilan kutib olindi. Eron oliy rahbari avvalroq Tramp ma’muriyati bilan har qanday muzokaralarni “ishonchsiz” deb atagan, qat’iyan rad etgan edi. Eron prezidenti Masud Pezeshkian va tashqi ishlar vaziri Abbos Aragchi Tehron bosim ostida muloqot o‘tkazmasligini bir necha bor ta’kidlagan.
“AQSh maksimal bosim va tahdid siyosatini davom ettirar ekan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borib bo‘lmaydi”, dedi Aragchi Saudiya Arabistonida bergan intervyusida.
Vashington va Tehron o‘rtasidagi munosabatlar, ayniqsa, AQSh 2018-yilda yadroviy kelishuvdan chiqqanidan keyin ham tarangligicha qolmoqda. Trampning yangi bayonotlari fonida Oq uy diplomatik murosalarga tayyormi yoki kuchli ssenariyni ko‘rib chiqyaptimi, noma’lumligicha qolmoqda.