Tramp Osama bin Ladenning o‘g‘li AQSh maxsus operasiyasi natijasida o‘ldirilganini ma’lum qildi

Tramp Osama bin Ladenning o‘g‘li AQSh maxsus operasiyasi natijasida o‘ldirilganini ma’lum qildi

«Al-Qoida»ning o‘ldirilgan yetakchisi Osama bin Ladenning o‘g‘li Hamza bin Laden AQSh maxsus operasiyasi natijasida halok bo‘ldi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Trampning bayonotiga asoslanib, CNN xabar berdi.

Maxsus operasiya Afg‘oniston va Pokistonning chegaradosh hududida o‘tkazilgan. Hamza bin Laden aynan qachon o‘ldirilganiga aniqlik kiritilmagan.

«Hamza bin Ladenning yo‘qotilishi ‘Al-Qoida’ni nafaqat yetakchilarning biridan mahrum qildi va uning otasi bilan ramziy aloqani yo‘qqa chiqardi, balki guruhning faol harakatlari oldini ham oldi», — dedi Tramp.

AQSh Davlat departamentida 2019 martida Hamza bin Ladenning qayerda ekani haqida ma’lumot bergan shaxsga bir million dollar mukofot puli berilishini e’lon qilgan edi. Iyul oyida esa AQSh nashrlari o‘z manbalariga asoslanib, Hamza bin Laden o‘ldirilgani haqida yozdi. The New York Times kichik bin Laden AQSh ishtirokida 2017 yoki 2018 yilda o‘tkazilgan operasiya vaqtida halok bo‘lgani haqida yozgan edi.

Hamza bin Laden — «Al-Qoida»ning o‘ldirilgan yetakchisi Osama bin Ladenning kenja o‘g‘li, uning 20 dan ortiq farzandlaridan biri edi. Xabarlarga ko‘ra, u 2001 yil 11 sentyabrdagi teraktlari vaqtida samolyotlarni egallab olgan terrorchilardan birining qiziga uylangan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!