Toshkentda o‘zini treyder deb tanishtirib, o‘zganing 7 mln so‘mini o‘zlashtirgan shaxs ushlandi
Samarqand viloyatida yashovchi ayol P.SH. ariza bilan murojaat qilib, o‘zining bank kartasidagi 7 mln so‘m pullari noma’lum shaxs tomonidan firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilganligini ma’lum qilgan. Bu haqda Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur jinoyatni Toshkent shahrida yashovchi A.S. sodir etganligi aniqlangan.
Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan A.S., jabrlanuvchi P.SH. bilan Telegram orqali tanishib, unga o‘zini treyderlik faoliyati bilan shug‘ullanishini va pullarini birja orqali oz fursatlarda ko‘paytirib berishini va’da qilgan. So‘ng aldov yo‘li bilan 7 mln so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini o‘tkazib olishga erishib, bergan va’dasini bajarmasdan pullarni o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan A.S.ga nisbatan JKning 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.