Tohir va Zuhraning haqiqiy qabri Samarqanddan topildi... (mi?)

Yaqinda Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi O‘zbekiston mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Qorabotir qishlog‘idagi qabristonda mashhur Tohir va Zuhra dostoni qahramonlarining qabri topilgani va bu joy obodonlashtirilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu haqda mahalladosh.uz yozmoqda.
Qayd etilishicha, Tohir va Zuhra yodgorligining tarixini aniqlash maqsadida arxeolog olimlar Muxtor Pardayev hamda Sobir Rahimboyev qabriston hududida va unga tutash tepaliklarda ilmiy tekshiruv ishlarini amalga oshirgan. Tadqiqotlar natijasida topilma joylashgan hudud 3 ming yillik, qabriston esa 1,5 ming yillik tarixga ega ekani oydinlashgan.
Ayni paytda Oltin meros xalqaro xayriya jamoat fondi Oqdaryo tumani bo‘limi tomonidan ushbu ziyoratgohni obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Biz mazkur jarayonlar bilan tanishish, shuningdek, tarixiy qabrlar haqiqatan mashhur doston qahramonlariga tegishli ekaniga oydinlik kiritish maqsadida ushbu hududda bo‘ldik va fondning tuman bo‘limi mutaxassisi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Oygul Mamatova bilan uchrashdik.
Tohir va Zuhra ziyoratgohi qadimda Oqdaryo sohilida juda katta maydonni egallagan, biroq keyinchalik daryo o‘zanigacha surilib, paxta maydonlariga qo‘shib yuborilgan, deydi O.Mamatova. Faqatgina o‘rtadagi xilxona atrofidagi 1 gektarli maydon saqlanib qolingan. Qorabotir qishlog‘i markazga ko‘chirib yuborilgach, so‘nggi ellik yillar mobaynida qabristonga mayitlar qo‘yilmagan, natijada u tashlandiq changalzorga aylanib qolgan. Hozirda uning atrofi tozalanib, yo‘llar ochildi. Qabristondagi boshqa qabrlar deyarli tekislanib ketgan, ammo o‘rtadagi uch oshiqning qabri asrlar davomida o‘z mahobatini yo‘qotmasdan turibdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Tohir va Zuhra ziyoratgohining yoshi IV-V asrlarga borib taqaladi. Bunday xulosaga kelishga asos shuki, zaminimizda islom dini yoyilgunga qadar mavjud bo‘lgan qadimiy diniy qoidalar, urf-odatlarga ko‘ra, har bir mayit dafn etilayotgan paytda liboslari, qurol-aslahasi, boyliklari bilan birga ko‘milgan. Qabrlar orasida esa yetti qadamdan masofa qoldirilgan. Bu jihatlar mazkur qabristonda ham ko‘zga tashlanadi. Har uchala qabr orasi yetti metrni tashkil etadi.
O.Mamatovaning qayd etishicha, yurtimizning boshqa hududlarida ham Tohir va Zuhra dostoni qahramonlarining ramziy qabrlari belgilangan. Jumladan, ular ayni paytda Qashqadaryo, Buxoro, Xorazm va Namangan viloyatlarida mavjud. Tarixiy manbalarga asoslanib, Tohir va Zuhraning haqiqiy qabri aynan Oqdaryo sohilida joylashgan, deyishga asos bor. Chunki geografik tomondan va dostondagi voqealar tafsilotiga nisbatan ham qahramonlar hayoti, yashab o‘tgan joyi mana shu maskanga juda mos keladi. Dostonning qadimiy va yangi variantlarida ham voqealar Samarqandda bo‘lib o‘tgani ta’kidlanadi.
To‘g‘ri, qabristondagi arxeologik qazishmalar jarayonida bironta qabrtosh yoki yozuvni uchratmadik, ammo boshqa ko‘plab ma’lumotlar bu yerda Tohir va Zuhraning dafn etilgani ehtimoli borligini ko‘rsatadi, deydi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yahyo G‘ulomov nomidagi arxeologik tadqiqotlar instituti direktori Amriddin Berdimurodov. Agar bu joy obod qilinsa, yoshlarimiz uchun juda katta ma’naviyat va tarbiya o‘chog‘iga aylanadi.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, IV asrning oxiri va V asrning boshlarida sodir bo‘lgan voqealarni o‘z ichiga olgan xalq og‘zaki ijodining bu nodir namunasi XVII-XVIII asrlarda Muhammad Sayyodiy tomonidan yozib olinadi. Keyingi davrlarda turkman shoiri Mullanafas tomonidan qaytadan nashrga tayyorlanadi. Shu asosda 1938 yilda Sobir Abdulla Tohir va Zuhra musiqali dramasini yozdi, 1945 yilda O‘zbekfilm studiyasi tomonidan film suratga olindi.
Ayni paytda Tohir va Zuhra ziyoratgohi viloyat hamda tuman hokimliklarining tegishli qarorlari asosida davlat tasarrufiga olingan. Atrofida fermer xo‘jaliklari tomonidan bog‘lar tashkil etilib, hudud obodonlashtirildi. Shuningdek, yodgorlikni ko‘rkam maskanga aylantirish maqsadida mutaxassislar tomonidan Muhabbat qasri majmuasining loyihasi tay yorlanib, tegishli tashkilotlarga taqdim etilgan.
Albatta, mazkur ziyoratgoh tarixi bilan bog‘liq tadqiqotlar hali davom etadi. O‘ylaymizki, izlanishlar davomida yana ko‘plab yangi ma’lumotlarga duch kelamiz. Eng muhimi, bugun ushbu hududda ulkan bun yodkorlik ishlari avj olgan. Bu esa qisqa muddatda Oqdaryo tumanining chekka hududida yana bir qadamjo, obod maskan, turizm manzili bunyod bo‘lishidan darak beradi.