Texnologiya sohasida gender tenglikka erishish muhokama qilindi

Texnologiya sohasida gender tenglikka erishish muhokama qilindi

Poytaxtimizda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tomonidan “Women in Tech” xalqaro harakati asoschisi va rahbari Ayumi Mur Aoki xonim bilan hamkorlikda davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda yoshlar, ayniqsa, ayollar o‘rtasida texnologiya sohasidagi ta’lim, biznes, raqamli inklyuzivlik va targ‘ibot hamda gender tenglik bo‘yicha tashabbuslar muhokama qilindi. Tadbir mehmoni talabalar tomonidan jahon tendensiyalarini hisobga olgan holda mamlakatda raqamli boshqaruvga yetish va uning huquqiy asoslarini shakllantirish jarayoni haqida berilgan savollarga atroflicha javob berdi.

Qayd etilganidek, hozirgi kunda texnologiya sohasida gender tenglikka erishishga katta ahamiyat berilmoqda. Ayollarning ushbu sohada ishtirok etishi va rivojlanishi uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash orqali nafaqat adolat targ‘ib qilinmoqda, balki texno innovasiyalarning to‘liq salohiyati ham ochib berilmoqda.

Xususan, ayol siyosatchilar texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etishni boshqaradigan siyosatni shakllantirishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Ularning inklyuziv va adolatli siyosatni himoya qilishlari jamiyatning barcha a’zolariga foyda keltiradi.

Xuddi shunday, huquqshunos ayollar qonunchilik bazasi texnologik taraqqiyot bilan hamnafas bo‘lishini ta’minlash orqali texno landshaftga hissa qo‘shadilar. Murakkab qoidalar, intellektual mulk huquqlari va axloqiy mulohazalar bo‘yicha ularning tajribasi texnologiyalar bilan bog‘liq potensial xavf va suiiste’mollardan himoya qilishga yordam beradi.

Bu kabi davra suhbatlari talabalarning raqamlashtirish sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish bo‘yicha bilim va ko‘nikmasi oshishiga xizmat qiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!