Tergov xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha kurslar tashkil etiladi

Tergov xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha kurslar tashkil etiladi

2023 yil 1 martdan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari doimiy ravishda tashkil etiladi. Bu prezident imzolagan "Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturni tasdiqlash to‘g‘risida“gi qarorda ko‘zda tutilgan.

Qaror bilan O‘zbekistonda Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Qarorga ko‘ra, 2023/2024 o‘quv yilidan professional va oliy ta’lim tizimida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” bo‘yicha o‘quv va maxsus kurslar joriy etiladi. 2023 yil 1 iyungacha mazkur kurslar joriy etiladigan professional va oliy ta’lim tashkilotlarining aniq ro‘yxati shakllantiriladi.

Qayd etilishicha, 2023 yil 1 iyundan boshlab har yili “Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi ta’lim va innovasiyalar” milliy tanlovi o‘tkazib boriladi.

2023 yil 1 maydan rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimida inson huquqlari va gender tenglik bo‘yicha o‘quv kurslari (soatlari) joriy qilinadi.

Qarorga ko‘ra, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar axborot-kutubxona markazlarida Inson huquqlari sohasidagi adabiyotlar yo‘nalishi tashkil etiladi. 2023 yildan Konstitusiya qabul qilingan kun munosabati bilan o‘tkaziladigan ko‘rik-tanlovlarda ayollar, bola va yoshlar huquqlari masalalari qamrab olinishi ta’minlanadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!