Tarki odat amrimahol: Tramp yana eski “hunar”ini takrorladi
AQSh prezidenti Donald Tramp 24 fevral kuni Kongressda mamlakatdagi vaziyat haqida ma’ruza qildi. Ikki soatlik nutqi mobaynida u dunyo siyosati, migrasiya va iqtisodiyot xususida keskin bayonotlar berdi va uning davrida Qo‘shma Shtatlar “misli ko‘rilmagan darajada boy va kuchli davlatga aylangani”ni ta’kidladi. DW Tramp Kongressdagi chiqishi mobaynida bir qator yolg‘on bayonotlar berganiga e’tibor qaratdi.
Tramp prezidentligining dastlabki 10 oyida Kamboja va Tailand, Pokiston va Hindiston, Kosovo va Serbiya, Isroil va Eron, Misr va Efiopiya, Armaniston va Ozarbayjon, Kongo va Ruanda o‘rtasidagi va G‘azodagi janglarni – jami sakkizta urushni to‘xtatganini aytgan.
“Oq uy xo‘jayini talay urushlarni to‘xtatgani haqida birinchi marta gapirayotgani yo‘q. O‘tgan yil kuzida BMT Bosh assambleyasi sessiyasidagi ma’ruzasida u yettita urushga chek qo‘yganini aytgan edi, endi esa bu ro‘yxatga G‘azodagi urushni ham qo‘shibdi. Ammo bu da’vo yolg‘ondir – u sanab o‘tgan urushlarning aksari hali tugamagan, Trampning tinchlikparvar sifatidagi roli esa bahslidir”, – deb yozadi DW.
Tramp Jo Bayden ma’muriyati AQSh tarixida eng yuqori inflyasiyani keltirib chiqargani, o‘zi esa pul qadrsizlanishini keskin tushirganini ham qayd etgan.
Aniqlanishicha, Tramp rahbarligi davrida inflyasiya ko‘rsatkichi biroz pasaygan bo‘lsa-da, uni keskin tushish deb bo‘lmaydi. AQSh tarixidagi eng yuqori inflyasiya ko‘rsatkichi esa Bayden davrida emas, balki 1919-1920 yillarda kuzatilgan.
Tramp odatiga sodiq qolgan holda Baydenni keskin tanqid qilar ekan, uning davrida xorij qamoqxonalari va jinnixonalaridan chiqqan millionlab odam AQShga yopirilib kelganini aytgan. Faktcheking jarayonida bu iddao ham tasdiqlanmagan.
AQSh rahbari ma’ruza va bayonotlarida aldov aralashtirishi yangilik emas. Hatto birinchi prezidentlik davrida ham u yolg‘on-yashiqdan u qadar tortinmagan. Masalan, CNN telekanali 2019 yilda Tramp bir hafta davomida 21 marotaba yolg‘on gapirganini hisoblab chiqqandi.
U BMT Bosh assambleyasida joriy yil 23 sentyabr kuni so‘zlagan ma’ruzasida ham yolg‘on va chalg‘ituvchi fakt hamda fikrlarni ilgari surgandi.
Siyosatchi 2024 yil iyun oyida Bayden bilan saylovoldi teledebatda ham 30 ta yolg‘on bayonot bergani ma’lum.
