Suriyada sulh tuzildi va neft konlari hukumat nazoratiga o‘tmoqda
Suriya Arab Respublikasi Prezidenti Ahmad ash-Sharaa YPG/SDG bo‘linmalari joylashgan barcha frontlarda o‘t ochishni to‘xtatishni nazarda tutuvchi yangi kelishuvni tasdiqladi. Bu haqda Syria TV xabar tarqatdi.
Kelishuvga ko‘ra, YPG/SDGning barcha harbiy bo‘linmalari Furot daryosining sharqiy sohiliga olib chiqiladi. Deyr-ez-Zor va Rakka viloyatlari ustidan ma’muriy hamda harbiy nazorat to‘liq ravishda Suriya hukumatiga o‘tadi.
Shuningdek, Suriya hukumati mamlakatning shimoli-sharqidagi barcha neft va gaz konlari, chegara o‘tish punktlari ustidan to‘liq nazoratni qo‘lga oladi. Ularning qo‘riqlanishi muntazam qurolli kuchlar tomonidan ta’minlanadi.
Kelishuv doirasida SDG jangchilari va xodimlari ta’qib qilinmasligi kafolatlanadi. Ular xavfsizlik tekshiruvidan o‘tgandan so‘ng, Suriya Mudofaa va Ichki ishlar vazirliklari tuzilmalariga yakka tartibda integrasiya qilinadi.
Al-Hasaka viloyatidagi barcha fuqarolik muassasalari davlat ma’muriy tizimiga qo‘shiladi. Viloyat gubernatori lavozimiga nomzodni tayinlash to‘g‘risida prezident farmoni chiqarilishi rejalashtirilgan.
Ayn-al-Arab (Kobani) shahri og‘ir harbiy tuzilmalardan tozalanadi, u yerda mahalliy aholidan iborat ichki xavfsizlik kuchlari shakllantiriladi.
Shuningdek, ISHID jangchilari saqlanayotgan qamoqxonalar va lagerlar ustidan to‘liq huquqiy va kuch ishlatish mas’uliyati Suriya hukumati zimmasiga o‘tadi.
