Rus propagandachisi O‘zbekiston va sobiq ittifoq tarkibida bo‘lgan boshqa respublikalar suverenitetini rad etdi va ular Rossiya nazoratida bo‘lishi kerakligini aytdi
Rus propagandachisi O‘zbekiston va sobiq ittifoq tarkibida bo‘lgan boshqa respublikalar suverenitetini rad etdi va ular Rossiya nazoratida bo‘lishi kerakligini aytdi.
“Rus dunyosi” mafkurasining bosh targ‘ibotchilaridan biri, Kremlga yaqin faylasuf Aleksandr Dugin sobiq SSSR hududida joylashgan davlatlar, jumladan Markaziy Osiyo mamlakatlari suverenitetini ochiqchasiga inkor etdi va bu davlatlar Moskva nazorati ostida bo‘lishi shartligini aytdi.
Dugin “uch qutbli dunyo” shakllanishi haqida gapirdi. Uning fikricha, bu dunyoda Rossiya “kuch markazi”ga aylanishi va atrofdagi hududlarni o‘z nazoratiga olishi kerak.
"Rossiya nazorati ostida bo‘lmaydigan hududlar AQSh va Yevropa Ittifoqi, shuningdek, Xitoy uchun “tayanch hudud”ga aylanadi. Ular yoki bizning yagona ittifoqimizning bir qismiga, yoki G‘arbning plasdarmiga aylanadi", – dedi propagandachi.
Shuningdek, Dugin milliy davlatlar davri tugaganini aytib, O‘zbekiston va sobiq ittifoq tarkibida bo‘lgan boshqa respublikalar suverenitetini rad etdi.
"Shu sababli suveren Armaniston yoki suveren Gruziya yoki suveren Ozarboyjon, suveren Qozog‘iston, suveren O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston mavjudligiga rozilik berib bo‘lmaydi. Ushbu yangi modelda hech qanday suveren tuzilma mavjud bo‘lishi mumkin emas. Tamom, suverenitet tugadi, milliy davlatlar o‘tmishda qoldi. Bu chiqindi", – dedi Dugin.
Avvalroq taniqli rossiyalik propagandachi Vladimir Solovyov Markaziy Osiyo davlatlari va Armanistonda ham Ukrainadagiga o‘xshash “maxsus harbiy amaliyot” o‘tkazish ehtimolini tilga olgan edi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova esa bu gaplarni “Solovyovning shaxsiy fikri” sifatida baholagandi.
